Sayyohlarda norozilik bor. Nega?

Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘idan o‘tayotsam yaponiyalik otaxon qo‘lidagi qog‘ozga yozilgan jumlani ko‘rsatib, supermarket qayerdaligini so‘rab qoldi. Qog‘ozda yapon va o‘zbek tillarida yozilgan 10 ta muhim so‘zdan iborat lug‘at yozilgandi. Yapon tilini tushunmaganim uchun yaqin atrofdagi supermarketni ko‘rsatib, o‘ylanib qoldim. Samarqand - turizm shahri. Kuniga minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Bugun sayyohlar oqimi o‘tgan yillarga nisbatan ikki barobarga oshgan. Ammo ularga xizmat ko‘rsatish borasida kamchiliklarimiz namoyon bo‘layotgani sir emas. Buni chet ellik sayyohlarning fikridan ham bilish mumkin.

MEHMONXONADA ShAHRINGIZGA XOS MUHIT HUKMRON

Erta tongda Amir Temur maqbarasiga borar ekansiz, u yerdagi yuzlab ziyoratchilarni ko‘rib, Samarqand zaminimiz qanchalik sehrli ekanligiga yana bir bor amin bo‘lasiz.

- Samarqandga oxirgi marta 50 yil oldin kelgandim, - deydi rossiyalik Lyudmila Sergeyevna. - Shahar tanib bo‘lmas darajada o‘zgaribdi. Odamlardagi samimiylik ham bizni o‘ziga mahliyo etdi. Mo‘’jazgina mehmonxonada joylashganmiz. Kelishimizdan oldin "Arzon mehmonxona buyurtma qilgansizlar, xizmatlar va sharoitlar ham shunga yarasha bo‘ladi", deb qizim yuragimga tahlika solgandi. Ammo mehmonxonadagi ozodalik, muhit va bezak usullari buning aksi ekanligini namoyon etdi. Asosiysi, o‘zbekona hayot hukmron.

Amir Temur maqbarasi xodimining aytishicha, hafta kuniga qarab sayyohlar oqimi o‘zgarib turadi. Misol uchun, bayram, shanba va yakshanba kunlari mahalliy sayyohlar ko‘p tashrif buyursa, boshqa kunlari chet ellik sayyohlar ko‘proq kelishar ekan. Bir kunda o‘rtacha 2000 dan ortiq chet ellik va minglab mahalliy sayyohlar majmuani ziyorat qiladi.

BUXORODA TARJIMON, SAMARQANDDA HOJATXONALAR KAMLIGI MUAMMO BO‘LDI

- Kecha Buxorodan shahringizga keldik, - deydi Ispaniya davlatidan tashrif buyurgan sayyoh Marta Xuan. - Buxoroda ispan tilida tarjimon topa olmadik. Hojatxonalari ham kam. Samarqandda ham shu holat kuzatildi, ammo tarjimon topishda muammo bo‘lmadi. Hojatxonalardagi holat odamning ta’bini xira qilar ekan. Keyin kechqurunlari ko‘pgina tamaddixonalarda joy yo‘q. Tur firmasiz kelgan biz kabi sayohatchilar ovqatlanish uchun joy izlab sarson bo‘lyapti. Shuningdek, mehmonxonalarda ham ovqatlanish xizmatini joriy qilish lozim.

Amir Temur maqbarasidan piyoda Registon tomon yo‘l oldik. Tur firmalar bilan kelgan sayyohlar mashina, avtobuslarda, o‘zlari aylanib yurgan sayyohlar piyoda ketishni afzal bilmoqda. Italiyalik sayyohning fikricha, mehmonxona, supermarket, tarixiy joylarni ko‘rsatuvchi yo‘l ko‘rsatkichlarni joylarda o‘rnatish lozim. Chunki tomosha qiladigan asosiy tarixiy obidalar bir-biriga juda yaqin joylashgan. Lekin buni barcha sayyohlar ham bilmaydi.     

Registon maydoni turli davlatlardan kelgan turistlar bilan gavjum. Nazoratchi xodim Yaponiya va Turkiya davlatlaridan sayyohlar ko‘p kelganini ta’kidladi. Shuningdek, Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya davlatidan ham sayyohlar ko‘p kelmoqda.

SAYYoHLAR SAMARQANDDAN NIMANI KO‘PROQ XARID QILADI?

Registon majmuasini aylanar ekanmiz, sayyohlarimizning viloyatimizdan nimalar xarid qilishiga qiziqdik. Majmuadagi uchta madrasada ham hunarmandlar shoxobchalari tashkil etilgan. Ularning barchasi bir-birini takrorlamagan bo‘lib, birida gilam sotilsa, boshqasida so‘zana, birida do‘ppi, ipak ro‘mollar. Xo‘sh, sayyohlarimiz e’tibori nimada?

- 15 yildan buyon do‘ppi, hamyon, sumka, turli taqinchoqlar bilan savdo qilaman, - deydi Dilorom Mansurova. - Sayyohlar asosan qo‘l mehnati asosida yaratilgan mahsulotlarimizga, ipak matoli ro‘mollarimizga qiziqishadi. Shuningdek, ko‘zmunchoq, hamyon ham sotib olishadi. Asosiysi, ularning ko‘ngliga manzur bo‘lsa bo‘lgani. Yoshiga qarab ham qiziqishlari turlicha. Keksaroq yoshlilar esdalik narsalarga ahamiyat qaratsa, yoshlar antiqa suvenirlarga, magnitli kulolchilik mahsulotlariga qiziqadi.

So‘zana, gilamchilik, kulolchilik savdo do‘konlariga kirganimizda, chet ellik sayyohlarning bu mahsulotlarni sotib olish uchun emas, tomosha uchun kirishlarini, asosiy xaridorlar mahalliy sayyohlar ekanligini e’tirof etishdi.

RESTORANLARDA KREDIT KARTALARDAN FOYDALANISHNI YO‘LGA QO‘YISH LOZIM

Italiyalik sayyohlarning Samarqand shahrida turistlarga xizmat ko‘rsatish borasida e’tirozlari talaygina ekan. Ular joylarda yo‘l ko‘rsatkichlarning o‘rnatilmaganini alohida ta’kidladi.

- To‘g‘ri, shahringiz juda chiroyli va betakror, - deydi italiyalik sayyoh Dal Chele Losiana. - Ammo e’tibor bersangiz tashrif buyuruvchi sayyohlarning aksariyati yoshi katta, keksa kishilar. Restoranlarning oldidagi ariqchalarda ko‘prikchalar qurilmagani bir qator noqulayliklarni keltirib chiqaryapti. Asosiy markaziy ko‘chalarga yo‘l ko‘rsatkichlar o‘rnatish lozim. Tarixiy joylar savdo shoxobchalariga aylanib ketgan, bizlarni esa sizlarning asrlarga teng obidalaringiz, milliy qadriyatlaringiz qiziqtiradi. Hunarmandlar tomonidan master klasslar tashkil etilsa, yanada yaxshi bo‘lar edi. Shuningdek, restoranga kirganimizda ayrim hollarda pulimiz yetmay qoladi. Kredit kartochkadan to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilmagan. Asosiysi, mehmonlarga pulgami, tekingami shahringizning xaritasini sotishni yo‘lga qo‘yish kerak. Chunki har bir sayyoh mehmonxonadan sayohatini boshlaydi.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.