Sayyohlik salohiyati oshyapti, sayyohlar salohiyati-chi?
“Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deyishadi. Dunyoda minglab insonlar toza ichimlik suvi yetishmovchiligidan aziyat chekib, ifloslangan havodan nafas olayotgani sababli turli bedavo va og‘ir xastaliklarga chalinayotgan bir paytda “inson” hayot manbai hisoblanmish ne’matlarga ega ekanligiga shukr qilish o‘rniga ularni beparvolarcha isrof qilmoqda.
Dam olish, hordiq chiqarish yoki sayohat bahonasida bog‘-rog‘larning toza havosidan nafas olib, soyliklarda dil yozib, yakunda chiqindilarni qoldirib ketish orqali so‘lim go‘shalarni chiqindixonaga aylantirayotgan ham “inson”lardir.
Aksariyat zamondoshlarimiz “Tabiat muhofazasini faqat men o‘ylaganim bilan nima o‘zgarardi?” qabilida ish tutishib, atrof-muhit ifloslanishining yana yangi, salbiy bosqichga chiqishiga zamin yaratmoqda. Bir vaqtlar musaffo havosi-yu, go‘zal manzaralari bilan tillarda doston bo‘lgan maskanlar bugun na sayyohlik madaniyati va na insoniylik me’yorlarini biladigan kimsalarning qadami yetgach, kishi ko‘zi tushsa, dili xufton bo‘ladigan darajaga borib ulgurgan.
Albatta, ichki va tashqi turizm, sayyohlik ko‘rsatkichlari oshishi iqtisodiy o‘sishga zamin yaratadi, biroq tabiatimiz-chi? Uning ertasini kim o‘ylaydi? Bugun arzimasdek tuyulayotgan masalalar kun kelib yechim topish mushkul bo‘lgan katta muammolarga aylanib ketmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi, nazdimda.
O‘zbekiston yerlarining 7 ta hududida yer osti suv sathi odatdagidan 5 metrga pasaygan. O‘lkamizda yaqin kelajakdagi qurg‘oqchilik ehtimoli dunyo olimlari tomonidan yuqori ko‘rsatkichga yetishi taxmin qilinmoqda. Shu ko‘rsatkichning o‘zi ham yechim tomon qadam tashlanmasa, oqibat ayanchli bo‘lishi mumkinligidan dalolatdir.
Sayyohlik salohiyati bilan birga sayyohlarning sayohat qilish salohiyatini, ya’ni tabiatga nisbatan munosabatini ham tarbiyalab borish lozim. Shundagina tabiat resurslarining davomli zararlanishiga qisman chek qo‘yish mumkin.
Gulshoda Sirojeva,
Registon ansambli gid-ekskursavodi.