Sayyor qabulda 36 nafar fuqaroning muammosi hal bo‘ldi

Har oyda ikki marta chekka hududlarda viloyat sudi rahbariyatining sayyor qabullari qat’iy reja asosida o‘tkazilmoqda. Unda fuqarolarning juda ko‘plab muammolariga yechim topilyapti.

Sayyor qabulning galdagisi Oqdaryo tumani Bobur nomli mahallada o‘tkazildi. Unda viloyat sudi raisi Olim Hayitov dastlab bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati, mamlakatimizdagi bugungi siyosiy-ijtimoiy vaziyat, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sud-huquq tizimidagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar haqida tushuncha berdi.

Tadbir davomida 36 nafar fuqaro turli masalalarda murojaat qildi.

Olmazor mahallasida yashovchi Toshpo‘lat O‘roqov ololmayotgan qarzini undirishga yordam so‘rab murojaat qildi. Oilasidan ajrashgan M.Ahmedova sobiq turmush o‘rtog‘idan farzandini olish, Sabohat Ulug‘murodova esa uy-joy nizosi hamda farzandlikka bola olish masalasida murojaat qildi.

Aliment, nikoh, uy-joy, fermerlik kredit va qarz undirish bilan bog‘liq masalalarda murojaat bo‘ldi. Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Sayyor qabulda har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, ijobiy hal etilishiga harakat qilindi. Ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.