Sayyoradagi eng baland tovushli jonzotlar
Hayron bo‘lishingiz mumkin, lekin qo‘shningizning kechasi huradigan iti yoki deraza ostida miyovlagan ko‘cha mushugi dunyodagi eng baland ovozli hayvonlar emas ekan.
Undan ham balandroq ovozli jonzotlar bor va ular shu daraja kuchli tovush chiqaradiki, kishining quloq pardasini yorib yuborishi mumkin. Biz bu uchun ularni hatto qoralashga ham urinmaymiz. Axir odamlarning o‘zi ham unchalik tinch jonzotlar emasku...
Keling, juda g‘ayrioddiy bo‘g‘imoyoqli jonzot - cho‘t qoqar tillarang qisqichbaqadan boshlasak. Uzunligi bor yo‘g‘i 6 santimetrga yetadigan bu kichik suv osti yashovchisi 200 detsibel tovush chiqaradi (Taqqoslash uchun: odam quloqlari og‘riqni his qiladigan darajadagi tovush 120 detsibel). Bundan tashqari qichqichbaqa buni og‘zi yoki tanasi yordamida emas, changali (panjasi)ni kuch bilan bosib, suv ostida havo pufakchalarini hosil qilish orqali amalga oshiradi. Chertish bu jonzotlarga muloqot va ov qilishda yordam beradi, chunki bunday tovush bir zumda baliqlarni karaxt qilib qo‘yishi mumkin.
Ehtimol ko‘k kit dunyodagi eng katta jonzotdir, lekin ovoz chiqarish bo‘yicha u cho‘t qoqar qisqichbaqalardan kam bo‘lsa-da orqada qolmoqda. Kitning ovozi 188 detsibelga yetadi. Biz uchun bu jonzotlarning suv ostida yashashining o‘zi bir baxt, aks holda quloqlarimiz bunday tovushlarga dosh berolmagan bo‘lardi.
Quruqlikda ham juda ko‘p shovqinli hayvonlar bor. Quyonlabli ko‘rshapalak boshqa ko‘rshapalaklar singari havoda moslashib olib, o‘ziga ozuqa topib olish uchun exolokatsiyadan foydalanadi. Bu ko‘rshapalak faqat baliq ovlaydi, shuning uchun ularning ovozi ancha baland va 140 detsibelga yetadi. Tovush nafaqat havoni, balki suvni ham qalqitib qo‘yadi. Bu tovush inson qulog‘i qabul qilish doirasidan tashqarida bo‘lganligi sababli odamlar uchun xavfli hisoblanmaydi.
Sayyoradagi eng shovqinli hayvonlarning navbatdagi vakili Yangi Zelandiyada yashaydi. Boyo‘g‘lisimon Kakapo to‘tiqushi chiqaradigan tovushning kuchi 132 detsibel. Bu to‘tiqush qarindoshlari orasida nafaqat eng baland ovoz, balki kattaligi va uzoq umr ko‘rish davomiyligi bilan ham ajralib turadi. Voyaga yetgan erkak kakaponing vazni 2 kilogrammdan oshadi va bu ajoyib qush 90 yilgacha yashashi mumkin.
Reytingimizdagi eng baland ovozli jonzotlarning oxirida sikadalar (chirildoqlar) joy oldi. Siz ularning ovozini eshitgansiz, ayniqsa yozda hasharotlar o‘z “qo‘shiq”larini ertalabdan kuylay boshlaydi va kechgacha to‘xtamaydi.
Hasharotlarning katta yashil va sariq rangli Cyclochila australasiae turi esa o‘ziga xos baland ovozi bilan alohida ajralib turadi – ular ovozining kuchi 120 detsibelga yetadi. Shuni ham aytib o‘tish joizki, sikadalar o‘zining baland ovozi tufayli yozning betashvish kunlarining o‘ziga xos ramziga aylanib qolgan. Kinolarda ko‘pincha chirildoqlar tovushidan yozning ekrandagi tasvirini “boyitish” uchun foydalaniladi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.