Sayyoradagi qo‘rqinchli arvoh-shaharlar
Bu shaharlarning har biri o‘ziga xos qayg‘uli tarixga ega. Halokatlar, avariyalar va urushlar vayronaga aylantirgan arvoh-shaharlar aholisi tomonidan tashlab ketilgan. Qizig‘i, bu joylar sehrli tarzda sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Quyida eng qo‘rqinchli tashlandiq shaharlarning misollari keltirilgan.
Yaponiya, Xashima
Odamlar orolda ko‘mir topilganda, 1887 yildan boshlab u yerga ko‘chib o‘ta boshlagan. Orolni 1890 yilda suvosti konlaridan ko‘mir qazib olish maqsadida Mitsubishi kompaniyasi sotib oldi. Xashima hududida konlar, harbiy zavodlar, turar-joy binolari, do‘konlar, maktab va qabriston bo‘lardi. 1959 yilda shahar 5259 kishi aholisi bilan o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandi, biroq 15 yildan keyin konlar yopila boshladi va orol asta-sekinlik bilan bo‘shab qoldi.
Ozarbayjon, Ag‘dam
Bir paytlar Ag‘damda 150 ming aholi istiqomat qilgan. XVIII asr o‘rtalarida tashkil topgan shaharda birinchi Qorabog‘ urushigacha (1991-1994) odamlar yashagan. Mojaro doirasida Ag‘dam shahri va uning madaniy yodgorliklari vahshiylarcha vayron qilindi. Bugungi kunda arvoh-shaharchada bir qancha xarobalar va saqlanib qolingan Ag‘dam masjidini ko‘rish mumkin.
Ukraina, Pripyat
1970 yilning fevral oyida tashkil etilgan Pripyat SSSRdagi to‘qqizinchi atom shahri edi. 1986 yil aprel oyidagi Chernobil avariyasi natijasida shahar aholisi zudlik bilan evakuatsiya qilindi. Bugungi kunda ob’yekt dunyodagi eng mashhur sharpa-shaharlardan biri hisoblanadi. Inson hayoti uchun tahdid mumkin bo‘lishiga qaramay, bu yerda muntazam ravishda sayyohlar uchun ekskursiyalar o‘tkaziladi.
AQSh, Pensilvaniya
1841 yilda asos solingan Sentreyliya shahrida turar-joy binolari, maktablar, cherkovlar, teatrlar, binklar va hokazolar joylashgan edi. Shaharliklarning asosiy mashg‘uloti toshko‘mirning eng yaxshi navi - antratsit ishlab chiqarish sanoati edi. 1962 yilda boshlangan va hozirgi kungacha davom etayotgan shaxtalardagi yer osti yong‘inlari u yerdan odamlarning ko‘chirilib chiqish sababi bo‘ldi. Yong‘in belgilarini hozir ham bir necha, ayniqsa 61 yo‘nalishdagi yoriqlardan tutun sizib chiqayotgan joylarda kuzatish mumkin.
Turkiya, Kayako‘y
Bugungi kunda Kayako‘y qishlog‘i muzey va tarixiy obida hisoblanadi. Bir paytlar odamlar yashagan 350 dan ortiq uy Turkiya hukumati himoyasida bo‘lsa-da, ayanchli ahvolga kelgan. Kayako‘y yunon-turk urushi natijasida tashlab ketilgan, shuningdek, 1957 yilda sodir bo‘lgan zilzila vayronagarchiliklar sababi bo‘ldi.
Rossiya, Kadikchan
12 ming aholi istiqomat qilgan shahar tipidagi Kadikchan kon qo‘rg‘oni bugungi kunda kimsasiz arvoh-shaharga aylangan. 1996 yilda kondagi avariya ommaviy ko‘chirish sababi bo‘ldi, aksariyat uylar konservatsiyalandi. Hozir ham ko‘pgina uylardagi tashlab ketilgan narsalardan odamlarning bu yerdan shoshilinch tarzda ko‘chib chiqqanligini bilish mumkin.
Braziliya, Fordlandiya
Fordlandiya 1928 yilda Genri Ford tomonidan avtomobil sanoati uchun rezina ishlab chiqarish markazi sifatida tashkil etilgan. Loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchradi - janob Ford kauchuk daraxtlarini o‘stirish haqida muhim ko‘nikmaga ega emas, hudud esa deyarli tarqoq edi. Bundan tashqari, u mahalliy ishchilarni amerikalashtirishni xohlardi. Ular Amerika taomlarini iste’mol qilish va maxsus kiyim kiyishga majbur bo‘lishdi, alkogol va tamaki mahsulotlari iste’moli ham taqiqlandi. Bunday cheklovlar 1930 yildagi g‘alayonni keltirib chiqardi.
Chili, Chayten
Chayten 2008 yilda xuddi shu nomdagi vulqonning otilishi natijasida arvoh-shaharga aylandi. Mahalliy aholi o‘z uylarin tashlab, qo‘shni shaharlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. 2011 yilda Chaytenni qayta tiklash ishlari boshlab yuborildi, biroq yetkazilgan zarar juda katta bo‘lib chiqdi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.