Sazag‘ondagi “rozi” mushuk muammosi hal etildi

Joriy yilning 30 sentyabr kuni Zarnews.uz saytida “Sazag‘ondagi shifoxonadan mushuklar “rozi”. “Mehrobod” QVP xodimlari ish vaqtida “qazixona”ga ketganmidi?” nomli maqola e’lon qilindi.

Shu kunning o‘zida Nurobod tumani hokimligi, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining Sazag‘on hududiy bo‘limi faoliyatini o‘rganib chiqdi.

Sazag‘on hududiy bo‘limi binosi bundan ikki yil avval rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Bu yerda ambulatoriya, 10 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi, har biri 5 o‘ringa mo‘ljallangan terapiya va bolalar bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sazag‘on, Saroy va Tepaqul mahallalarining 10 ming nafardan ziyod aholisiga xizmat ko‘rsatadigan bu tibbiyot muassasasida 6 nafar shifokor, 28 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishlab kelmoqda.

O‘rganish natijasida tuman tibbiyot birlashmasining hududiy bo‘limida ichimlik suvi muammosi mavjudligi aniqlandi. Hududiy bo‘lim hovlisida suv inshooti bo‘lsa-da, bugungi kunda nosoz holatda. Ushbu muammoni tuman tibbiyot birlashmasining ichki imkoniyatidan kelib chiqib, zudlik bilan tuzatish ishlari amalga oshirilishi belgilab olindi.

Hududiy bo‘lim oshxonasida mushuk va hasharotlar yurishining oldi olinib, oshxona to‘laligicha sanitariya talablariga javob beradigan holatga keltirildi.

Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining Sazag‘on hududiy bo‘limi mudiri A.Umarovga o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Erkin PARDAYeV,

Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.