“Schyotchik”ni endi o‘zlari qiyoslovdan o‘tkazadi

O‘zbekistonda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiq suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat qilish talabi bekor qilingan. Endilikda muddati yetgan hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish ta’minotchi korxonalar zimmasida.
Bu boradagi davlat xizmatlarini proaktiv shaklga o‘tkazish o‘tgan yil dekabrdagi hukumat qarorida belgilangan.
Jismoniy shaxslar har 8 yilda, yuridik shaxslar 4 yilda elektr energiyasi, gaz va suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazishi kerak. Aniqrog‘i, metrologiya xizmati hisoblagich to‘g‘ri ishlayaptimi-yo‘qmi tekshiradi.
Ilgari buning uchun fuqarolar va yuridik shaxslar davlat xizmatlari markaziga borib yoki my.gov.uz portali orqali qiyoslashdan o‘tkazish uchun ariza berishi kerak edi. Ya’ni, majburiyat fuqarolarning o‘z bo‘ynida edi. Endi fuqaro hech qayerga ariza bermaydi. Ta’minotchi korxonaning o‘zi hisoblagichlarni kuzatib boradi, qiyoslashdan o‘tkazishga 3 oy muddat qolganda har bir xonadon yoki korxonaga borib, hisoblagichlarni yechib olib ketadi, qaytarib olib kelib o‘rnatadi.
Shu paytgacha amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, ariza berilgan paytda qiyoslashdan o‘tkazish uchun alohida to‘lov qilinardi. Yangi tartib bilan esa hisobraqamdagi pul yechib olinadi. Qiyoslashdan o‘tkazish summasi hozirgi kunda jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi (75 ming so‘m), yuridik shaxslar uchun BHMning 1,5 barobari (562 500 so‘m) hisoblanadi.
Agar hisobraqamda yetarlicha pul bo‘lmasa, qarzga yoziladi va pul to‘laganingizda yechib olinadi.
Ta’minotchi korxona xodimi xonadonga borganida uyda hech kim bo‘lmasa va hisoblagichni olib keta olmasa, ta’minotchi korxona dalolatnoma tuzadi va uni pochta orqali yuboradi. Shundan keyin siz ariza topshirishga majbur bo‘lasiz va davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishingiz kerak.