“Aqlli” hisoblagich foydalanilgan gazni me’yordan ko‘p hisoblayaptimi?
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Yakkabog‘ mahallasida yashovchi Saodat Shodmonova uyiga o‘rnatilgan yangi “aqlli” gaz hisoblagich me’yordan ko‘p hisoblayotganligidan norozi bo‘lib “Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limiga murojaat qildi.
- Yangi hisoblagich avvalgilaridan ko‘ra ko‘p hisoblayapti. Ilgari qish kunlari bir oyga 100-200 ming to‘laganmiz. Yaqinda yanvar oyida qarzdorligim uchun hisoblagich o‘chib qoldi. 2 millionga yaqin to‘laganimdan so‘ng yondi, - dedi S.Shodmonova.
“Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limi mutaxassislarining aytishicha, Saodat Shodmonova xonadoniga 2020 yilning iyul oyida “aqlli” hisoblagich o‘rnatilgan. Mazkur uskuna TAM dasturiga ulanib, o‘chib qolmaguncha u to‘lovlarni amalga oshirmagan.
- Iste’molchining eski hisoblagichida ham qarzdorlik bo‘lgan. Ustiga-ustak, 7 oylik qarzdorlik yig‘ilib qolgandan so‘ng albatta ko‘p hisoblagandek ko‘rinadi. Mana, qarang, iste’molchi 2020 yilning iyun oyidan buyon 3600 metr/kub gaz iste’mol qilgan. Buni oyma-oyga bo‘lganida o‘rtacha 173 ming so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda, - deydi “Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limi inspektori Dilshod Diyorov.
O‘rganishlar davomida fuqaro S.Shodmonova uyida gaz plita va hammomdan tashqari gaz isitish pechlaridan foydalanayotgani aniqlandi. Ushbu uskunalarning yondirgichlarini energiya tejovchisiga almashtirilsa, 30 foiz pulni iqtisod qilishi tushuntirildi.
“Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limi rahbari Shavkat Abdusalomovning aytishicha, hisoblagich o‘rnatilgan mahallalar tahlil qilinganida iste’molchilarning to‘lov madaniyati ancha oshgan. Birgina Kattaqo‘rg‘on shahar Yakkabog‘ mahallasining 2021 yil yanvar oyi holatiga tabiiy gazdan qarzdorligi 1 milliard 60 million so‘mdan ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, yangi o‘rnatilgan hisoblagichlar elektron dasturga ulangandan so‘ng mahalladagi tabiiy gazdan qarzdorlik 30-40 foizga kamaygan. Shuningdek, “aqlli” hisoblagich o‘rnatilgandan so‘ng aholi iste’mol qilgan gazning pulini o‘z vaqtida to‘lashga o‘rganyapti.
Samarqand shahridagi “Do‘stlik” mahallasiga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilganligiga ikki oydan oshdi. Bu yerda yashovchi oqsoqollar hisoblagichdan mamnun.
- Menga hisoblagichning yoqqan tarafi, kunlik iste’molni onlayn hisobini yuritar ekan, inspektor har kuni kelib eshigingizni taqillatmaydi.Eng muhimi, hisoblagichga o‘rnatilgan reduktor gaz taqsimlash qutisi vazifasini bajarar ekan. Endi kechalari “gaz baland bo‘lib ketdi” deb “ko‘cha boshi”ni bezovta qilib yurmaymiz. Mening yoshimdagilar “gaz, svetni hisob-kitob” qilib o‘rgangan. Ular oyma-oy to‘lovlarni to‘lashadi deb o‘ylayman. Hisob-kitoblarimga ko‘ra, ilgari oyiga qancha to‘lagan bo‘lsak, hozir ham shuncha to‘layapmiz, - dedi yetmish yoshli otaxon Subhon Norqulov.
Ayni kunlarda Prezidentimizning 2020 yil 24 sentyabrdagi «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Samarqand viloyatidagi xonadonlarga elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Hozircha viloyat bo‘yicha 34 mingdan ortiq xonadonga «aqlli» gaz hisoblagichlari o‘rnatildi, 31 mingdan ortiq iste’molchining gaz hisoblagichlari «BillingGaz» tizimiga ulandi. Ayni kunlarda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida hisoblagich o‘rnatish ishlariga 20 dan ortiq qurilish-montaj firmalari, 170 dan ziyod brigadalar jalb qilingan. Nurobod tumanida ham elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.