Eski hisoblagichga ega iste’molchilar nega hisob-kitob bo‘yicha muammoga duch keladi?: «Hududgazta’minot» AJ munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda uchraydigan, aholi o‘rtasida ta’biiy gaz bilan bog‘liq shikoyatlarga javoban «Hududgazta’minot» AJ tabiiy gaz uchun qarzlarni hisoblash bilan bog‘liq holatlarni ma’lum qildi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda va uch millionga yaqin iste’molchilarning xonadonlarida yangi hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular real vaqt rejimida ko‘rsatkichlarni yuboradi.
Shuningdek, mamlakatimizda eski namunadagi gaz hisoblagichlari ishlatilayotgan iste’molchilar ham mavjud. Ular Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarori va gaz ta’minoti tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, har oyning 10-sanasiga qadar gaz ta’minoti tashkilotlariga kelib, iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishi yoki maxsus yaratilgan Telegram-bot (@hgtabonentbot) orqali ko‘rsatkichlarni taqdim etishi lozim.
Ba’zi iste’molchilar gaz ta’minoti tashkilotlariga ko‘rsatilgan muddat ichida iste’mol qilgan tabiiy gaz hajmi to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlari taqdim etmayotganliklari sababli amaldagi dastur avtomatik ravishda o‘rtacha iste’mol miqdorini hisoblab chiqadi va gaz uchun hisob-kitoblarni to‘lash uchun iste’molchiga ma’lum qiladi. Bundan tashqari, gaz ta’minoti tashkilotlarida oldingi davrlarda mehnat faoliyatini yuritgan sobiq inspektorlar tomonidan iste’molchilarga yangi elektron hisoblagich o‘rnatilgunga qadar dasturga noto‘g‘ri ko‘rsatkichlar kiritishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanmoqda. Bu endi iste’mol qilingan tabiiy gaz yoqilg‘i uchun o‘zaro hisob-kitoblarni, shu jumladan, yangi gazni hisobga olish uskunalarini o‘rnatishdan oldin solishtirishni talab etiladi.
“Hududgazta’minot” AJda, gaz hisoblash uskunalarining eski namunalarini ishlatuvchi iste’molchilar tomonidan sarflangan tabiiy gazni hisobga olish, nazorat qilish va to‘lash bilan bog‘liq murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Markazlashtirilgan ishchi guruhni tuzishdan asosiy maqsad - fuqarolarning har bir murojaati yoki shikoyatiga zudlik bilan javob berish, yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, shuningdek, gaz ta’minoti tizimidagi korrupsiyani bartaraf etish va oldini olishdir.
Hozirda mazkur shtabda 10 nafar mutaxassis faoliyat olib borib, ular bilan bevosita “1104” qisqa raqam, 71 281-15-67 (310) raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yoki Telegramdagi "Hududgazta’minot AJ ishchi guruhiga murojaat guruhi orqali (t.me/gaz_hisob_kitob) bog‘lanish mumkin”, deyiladi «Hududgazta’minot» AJ xabarida.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, "Hududgazta’minot AJ markazlashtirilgan guruhi tashkil etilganidan buyon hisob-kitoblar bilan bog‘liq 5 704 ta murojaat kelib tushgan. Tashkilot mazkur munosabatda qachon iste’molchilar to‘liq yangi hisoblagichlar bilan ta’minlanishiga aniqlik kiritmagan.