Gaz hisoblash uskunasi bepul o‘rnatiladi, sifatiga “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali javobgar

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida hisobot bergan “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori O.Isakulov aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning may oyidan aholi xonadonlariga elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. O‘tgan yili 79 ming 450 ta gaz hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan, biroq pandemiya sabab gaz hisoblagichning ehtiyot qismlarini Italiyadan olib kelishda muammolar bo‘lgan. Shu sababli viloyatga 16 ming 689 ta gaz hisoblagich ajratilgan.

Joriy yilda bu boradagi ishlarni jadallashtirish hisobiga 1 iyulga qadar barcha aholi xonadonlariga to‘liq zamonaviy gaz hisoblash uskunalari o‘rnatiladi.

Gaz hisoblagich hamda uning himoya qutisi, regulyator (bosim rostlagich)ni o‘rnatish “Hududgazta’minot” AJ tomonidan bepul amalga oshirilmoqda. 20 dan ortiq qurilish-montaj firmalari, 170 dan ziyod brigadalar jalb qilingan mazkur yumushni belgilangan vaqtda yakunlash maqsadida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qoshida butlovchi qismlar tayyorlab berish sexi tashkil qilingan. 

“Aqlli” gaz hisoblagichlarining o‘rnatilish sifati filial tomonidan doimiy nazoratga olingan. Noto‘g‘ri o‘rnatish holatlari aniqlanganda shartnomaga muvofiq, o‘rnatgan firma o‘z hisobidan kamchiliklarni to‘g‘rilab beradi.

Ta’kidlanishicha, shu paytgacha Samarqand shahridagi Qo‘rg‘oncha mahallasida “Sunnatillo-Azizbek” MChJ tomonidan, Yangiravot mahallasida “Obod bunyodkor servis” MChJ tomonidan, Xo‘jaqishloq, Azizon mahallalarida “Samarqand gaz texnik nazorati” MChJ, Oqsaroy mahallasida “Sartepa GOLD” MChJ, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ko‘hnadam va Damariq mahallalarida “Abdurahmon Qilich” xususiy korxonasi ishchilari tomonidan noto‘g‘ri o‘rnatilgan hisoblagichlarning kamchiliklari xususiy korxonalar hisobidan to‘g‘rilangan.

Turli ko‘ngilsizlik va tamagirliklarning oldini olish maqsadida 66-239-78-12 telefon raqamiga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilgan. Kelib tushgan murojaatlar asosida iste’molchilardan 50-100 ming so‘m pul talab qilish holatlari aniqlanib, holat tegishli tartibda bartaraf qilingan.