“Aqlli” gaz hisoblagichning afzalligi nimada?

Gap Samarqand viloyatida barcha toifadagi iste’molchilar uchun tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga mo‘ljallangan zamonaviy gaz hisoblagichlar o‘rnatilishi haqida bormoqda. Bu borada “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Olim Isoqulovning izohi qanday?

Avvalo, aytib qo‘yaylik, aholiga tabiiy gaz yetkazish tizimini yanada yaxshilash maqsadida “aqlli” gaz hisoblagichlar bepul o‘rnatilmoqda. Xususan, viloyat bo‘yicha shu yilning 20 yanvar holatiga 18 616 dona “aqlli” gaz hisoblagich aholi xonadonlariga o‘rnatildi, 15 422 dona gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari onlayn billing dasturiga ulandi. Shu yilning yanvar-iyul oylarida 192 487 dona gaz hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yumushni bajarish uchun 97 ta payvandchi va chilangar brigada ishlamoqda.

- “Aqlli” hisoblagich o‘rnatilsa, ortiqsa sarf yoki qazdorlik bo‘lmaydi, - deydi O.Isoqulov. - Sababi, hisoblagichda alohida sim karta o‘rnatilgan bo‘lib, iste’molchi hisob raqamida to‘lov mablag‘i kam qolganda uning telefoniga ogohlantiruvchi SMS xabar keladi. To‘lov amalga oshirilmagach, tizim avtomat tarzda o‘chadi. Yana bir afzalligi, faqat ish kunlari tizim o‘chiriladi, haroratga qarab gaz o‘tkazadi, sakkiz yilda bir marta qiyoslov ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Muhimi, ma’lumotlar 90 kun mobaynida saqlanadi, elektron tizim bo‘lgani bois, foydalanilgan gaz hisobini ortga qaytarib bo‘lmaydi, mabodo qurilmaga teginilsa, tizim avtomat ravishda o‘chiriladi. Bu o‘z-o‘zidan tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi.

Hisoblagichni xavfsiz saqlash uchun alohida quti ham o‘rnatilyapti. Billing tizimiga kiritilgan barcha iste’molchilarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “O῾sten” rusumli gaz hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Darvoqe, tarmoqqa yangitdan ulangan iste’molchilar gaz hisoblagichni o‘z mablag‘iga, ya’ni qurilmaning gaz o‘tkazish hajmiga qarab 1,2 million so‘mdan 1,7 million so‘mgacha sotib olishlari mumkin.

Muhimi, o‘rnatilayotgan qurilma iste’molchilar sarsongarchiligining oldini oladi. Ya’ni, foydalanilgan gaz to‘lovini amalga oshirish uchun gaz idorasiga borishga hojat yo‘q. Elektron o‘tkazmalar orqali mablag‘ni uyda turib amalga oshirish mumkin.

Bepul o‘rnatilayotgan elektron gaz hisoblagichlar shu yilning 1 mart sanasigacha Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on shaharlarida yashovchi aholi xonadonlariga o‘rnatilishi belgilangan.      

Husan Eltoyev.