Sen baxtli g‘amdirsan, dardli huzursan
Mustaqilman, uchib yuribman
QIShLOQ
Husningga hayratim oshib, qaytadan –
Rasmingni yurakka chizgim keladi.
Qaynoq quchog‘ingdan ketolmay, vatan –
Olis qishloqlarni kezgim keladi.
Mo‘’jizaga do‘nar bunda har fasl,
Ko‘zlar qamashadi tarovatidan.
Bahori beqiyos, kuzi serhosil,
Qish qo‘rqar yozining haroratidan.
Bepoyon dalalar, purviqor tog‘lar
Dilimizga solar vatan rasmini.
Suv yoqalab bunyod bo‘lgan qishloqlar,
Yerga mehr bermoq – hayot mazmuni.
Mudom ezgulikka ochiq eshigi,
Mehr isi anqir quchoqlaridan.
Dunyoga taralar Vatan qo‘shig‘i –
Mening ozod yurtim qishloqlaridan!
Orif TO‘XTASh.
***
VATAN MADHI
Onamday u,
aziz naqadar,
Ko‘zim nuri,
qarog‘im - Vatan.
Kunduz oftob,
oydin kechalar,
Fonusim - Oy,
chirog‘im - Vatan.
Bir jismman,
u tanamda jon,
Qoshim , ko‘zim,
qabog‘im - Vatan.
Tomirimda
jo‘shib oqqanim,
Qonim , tafti
qaynog‘im - Vatan.
Orzulari
osmon qadar keng,
Chashmadirman
irmog‘im - Vatan.
Tomchi ersam
u ummonga teng,
Daryo ersam,
qirg‘og‘im - Vatan.
Har toshining
tinglay arzini,
Qo‘limdagi
qayrog‘im - Vatan.
O‘zbekiston
obod gulshanim,
Gullayotgan
gulbog‘im - Vatan.
Sarhadiga
yovdek kelsa kim,
Qalqoniman,
yarog‘im - Vatan!
Ro‘zi Mahshar-
toki manzilim,
Qo‘nim topar
tuprog‘im - Vatan!..
Shahriddin UMIROV.
***
VATAN
"...Qishlarida shivirlar bahor”
OYBEK.
Sen faqat moddamas, yorug‘ shuursan
His, ohang, rang, quvonch, ahddirsan vatan.
Sen baxtli g‘amdirsan, dardli huzursan,
Xo‘rlik tuning o‘tgan marddirsan vatan.
U kunlar soyadir sen nursan, tongsan,
Tafakkur va shukur sha’nli bir ongsan.
Ongladim deb bo‘lmas, tongladim minglab,
Buyuk kuysan, bo‘lmas beparvo tinglab.
Oqiga yashili qorishgan Vatan,
Qishi bahor bilan yorishgan Vatan.
Yo‘ldosh EShBEK.
***
Taniqli shoir Yo‘ldosh Eshbek bugun 74 yoshga to‘ldi. U 1950 yil 1 sentyabrda Ishtixon tumanida tavallud topdi.
Dastlabki she’rlar to‘plami «Sog‘inib yashayman» nomi bilan 1981 yilda chop etildi. Shundan keyin shoirning «Yuksak daraxtlar», «Moviy turnalar», «Yaxshilikka qarayman», «Daraxtlar ertagi», «Hayot chechagi», «Mangu masofa» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Imom G‘azzoliyning «Ey farzand», Ahmad Lutfiyning «O‘gay ona», «Hazrati Ali», Fotima Temurning «Ko‘ngil do‘stlari» («Tazkirat ul-avliyo»), Amina Shank o‘g‘lining «Vijdon azobi»ni hamda O‘ljas Sulaymon («Sopol kitob») va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1998 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.