Senat 2025 yil uchun Davlat byudjetini ma’qulladi. Kelayotgan yilda byudjet xarajatlari uning daromadlaridan 51,5 trillionga ortiq

Senatning ikkinchi yalpi majlisida 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ushbu qonun kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy sohalar xizmatlarini yaxshilash va «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirishga qaratilgan. Byudjetda inflyasiya darajasi 7 foiz atrofida saqlanishi prognoz qilinmoqda.

Qonunga ko‘ra, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431 trln so‘mni, xarajatlari esa 480,5 trln so‘mni tashkil etadi. Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,8 trln so‘m deb belgilangan. Ijtimoiy sohalarga byudjet xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasiga 41,3 trln so‘m ajratiladi, bu 2024 yilga nisbatan 19,8 foizga ko‘pdir. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun esa 3,6 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hududlarda ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun maxsus mablag‘lar ajratiladi.

Senatorlar qonun muhokamasi davomida byudjet daromadlarini oshirish va mablag‘lardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratdi. Davlatning ta’lim, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va ekologiya sohalarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlari senatorlar tomonidan yuqori baholandi.

Qonunda belgilangan vazifalar nafaqat iqtisodiy barqarorlik, balki aholining turmush farovonligini oshirishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi. Mazkur qonun senatorlarning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi bilan qabul qilindi.