Senatda Qo‘shrabot tajribasi taqdimot qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati majlisida kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha “Qo‘shrabot tajribasi” taqdimoti o‘tkazildi.

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan majlisda ishtirok etgan viloyatimiz vakillari tomonidan 2024 yilda Qo‘shrabot tumanida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot-taqdimot qilindi.

Unda o‘tgan yilda tumanda yagona ijtimoiy himoya reyestrida jami 4809 ta kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilib, toifalarga ajratilganligi hamda ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar ishlab chiqilganligi bildirildi. Shu bilan birga, reyestrdagi 1750 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlanganligi ma’lum qilindi.

Qo‘shrabot tumanida 2024 yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 24,9 mln. AQSh dollari bo‘lgan 42 ta loyiha amalga oshirilib, 850 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 2025 yilda esa yana 56 ta loyihani amalga oshirish orqali 907 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. 2024 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 2339 ta loyihaga 35,1 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. Joriy yilda esa oilaviy tadbirkorlik uchun 45,0 mlrd. so‘mdan ortiq miqdorda kredit ajratish belgilangan.

Taqdimotda, shuningdek, ta’lim olish va kasb-hunarga o‘rgatish, kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rsatib berildi.