Senatda xotin-qizlarning mehnat sharoiti muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Dastlab Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘roviga kelgan javob muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan sanoat korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning mehnatiga munosib ish haqi to‘lash, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Yengil sanoat va charm sanoati korxonalaridagi ish o‘rinlarida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi hamda xavf-xatarlarning tasniflari ishlab chiqildi. Shuningdek, ISO 45001:2018 – “Sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi boshqaruv tizimi” xalqaro standarti afzalliklari hamda uni joriy qilish bo‘yicha qo‘llanma va taqdimot materiallari tayyorlandi. Ushbu tavsiyalar va qo‘llanmalar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan to‘qimachilik va charm sanoati korxonalariga yetkazildi hamda ularning rasmiy veb-saytlariga joylashtirildi.

Majlis davomida yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning mehnatiga munosib ish haqi to‘lash, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq masalalarda ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Xususan, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingandan keyin nufuzli brend kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxonalarning mehnat standartlarini tatbiq etish va mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish ustuvor ahamiyatga ega masalalar ekani ta’kidlandi.
Senatorlar mas’ullarga ijrosi kechiktirilayotgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.