Senatorlar “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi

Senatning yettinchi yalpi majlis kun tartibidagi birinchi masala – “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar, shu jumladan 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, hozirda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini  yaratmoqda.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi,  murojaat qiluvchi 10 kalendar kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi.  Nogironligi bo‘lgan shaxslar  ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo‘lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o‘rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta’lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko‘zda tutiladi. Kasb-hunarga o‘rgatish, kollej va texnikumlarda ta’lim olishlari davlat hisobidan  ta’minlanadi. Oliy ta’limda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog‘ida yordam olish, shu jumladan uyida va yashash joyida xizmatlar ko‘rsatilishi huquqi ta’minlanadi.

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.