Sevara Nazarxonga Samarqandda o‘tkaziladigan «Samarkand Half Marathon»ning elchiligi taklif qilindi

«Tan olaman, bu juda hayajonli, - deb yozadi xonanda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida. - Yugurishni yoqtiraman, ammo bunday yirik marafonda hali biror marta ishtirok etganim yo‘q. Samarqandda o‘tkaziladigan marafon shunchaki yugurish musobaqasi emas, balki katta ma’noni ifodalashini bilganimdan so‘ng ishtirok uchun ro‘yxatdan o‘tdim.

Kutilmaganda yarim marafon jamoasi men bilan telefon orqali bog‘lanib, bu yil marafonning elchisi bo‘lishimni taklif etishdi. Men ushbu loyihaga alohida e’tibor bilan yondashgan holda, @samarkandhalfmarathon da ambassador sifatida qatnashishimdan hamda autizm bilan xastalangan bolalarni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunlik tuyaman.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda shu yilning 1 noyabr kuni madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida an’anaviy «Samarkand Half Marathon» xayriya yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.

Bu yilgi marafondan tushgan mablag‘ autizmdan aziyat chekayotgan bolalarga sarflanadi. Marafon butun dunyodagi vaziyat tufayli ikki xil shaklda o‘tkazilishi belgilangan. Samarqandga kela olmaydigan ishtirokchilar marafonda virtual qatnashish imkoniga ham ega.