Sevishgan yigit va qiz ota-onasini qo‘rqitib qo‘yish uchun o‘z joniga qasd qildi. Qiz vafot etdi
IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yil 15 sentyabr kuni soat 11:40 larda navbatchilik qismiga tuman shifoxonasidan fuqaro K.M.ni og‘ir tan jarohati bilan olib kelinganligi haqida xabar tushgan.
Aniqlanishicha, shu kuni soat 11:00 larda Namangan viloyati Kosonsoy tumani, Uzunqishloq mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro I.M. va Kosonsoy tumani Bog‘ mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro (ayol) K.M. bir-birlari bilan bir-necha yil davomida yaxshi ko‘rishib, ota-onalarining turmush qurishlariga qarshilik qilganidan norozi bo‘lib, o‘zaro kelishgan holda o‘z joniga qasd qilish maqsadida dala maydoniga borib, o‘zlari bilan olib kelgan osh pichoq bilan dastlab K.M. yaxshi ko‘rgan yigiti I.M.ning qorin qismiga bir marotaba urgan. So‘ngra pichoqni I.M.ga berib, qorniga urishni so‘ragan va I.M. pichoq bilan K.M.ning qorin qismiga bir marotaba urgan vaqtida qiz hushidan ketib, yiqilib tushishi oqibatida pichoq qizning qorin qismiga chuqur kirgani oqibatida vafot etgan. I.M. esa shifoxonaga yotqizilgan.
Ushbu holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, I.M. va K.M.lar 5 yil davomida o‘zaro sevishib yurganligiga qaramasdan, K.M.ning otasi qizini Kosonsoy tumani Tergachi mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan F.A.ga unashtirib qo‘yganligi sababli, 2020 yil 14 sentyabr kuni I.M. qizning otasi oldiga borib, qizini unga berishini so‘raganda rozi bo‘lmagan.
Shundan so‘ng 15 sentyabr kuni soat 09:00 larda I.M. va K.M.lar o‘zaro telefon orqali kelishib, Kosonsoy tumani markazidagi istirohat bog‘i oldida ko‘rishib, ikkalasi birgalikda Kosonsoy tumani markazida joylashgan dehqon bozoridan 1 dona osh pichog‘ini 4 ming so‘mga sotib olib, ushbu tumanning Takarang mahallasi, Fitrat ko‘chasida joylashgan "Namuna shirin" fermer xo‘jaligi dala maydoniga borgan.