“Shabi Arus, Shabi Arus”

Bugun sizlarga Turkiyaga safarimizning asosiy sababi bo‘lgan “Shabi Arus” festivali haqida hikoya qilmoqchiman.

Uchmoqqa qanot yo‘q, vale uchgaymen!

Avvalo, aytib qo‘yay, “Shabi Arus” festivali yoki mavlaviy darveshlarning chirpirakdek aylanib, samo raqsini ijro etishlari sayyohlarni jalb etish uchun tashkil qilinadigan shou, ko‘ngilochar tomosha yoki bir raqs kechasi emas. “Shabi Arus”, avvalo, diniy marosim. Samo raqsi Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining Mavlaviya tariqatlarining ajralmas qismi bo‘lib, juda ko‘p sinovlardan o‘tib, darvesh maqomini olgan muridlar – darveshlarning ilohiy ohanglar, munojot va salovat qo‘shiqlari jo‘rligida o‘z qalblarini Alloh bilan bog‘lash, darveshlar tili bilan aytsak, “Yerni qo‘yib, osmon toqiga parvoz qilish”, bugungi yoshlar tili bilan aytsak, “Trans holatiga o‘tish”, dunyoviy tashvishlardan poklangan qalbni Alloh bilan bog‘lashdir.

Mavlono haqida o‘qigansiz, hali Xorazmshoh mulkida, uylari bir-biriga ulanib ketgan seraholi Balx shahrida yashagan go‘dak kezlari tengdoshlari uni o‘z o‘yinlariga chaqirishadi:

– Keling, Jaloliddin, tomdan tomga sakraymiz!

O‘shanda Jaloliddin ularga bo‘lajak pir, avliyo maqomida javob bergan:

– Tomdan tomga sakrash mushuklarning ishi, kelinglar, osmon toqiga sakraymiz!

Ana shu so‘zlaridan keyin qo‘llarini ko‘targan Jaloliddin ko‘kka ko‘tariladi. Boshqa bolalar qo‘rqqanlaridan baqira boshlaydilar:

– Jaloliddin uchib ketdi! Jaloliddin uchib ketdi!

Jaloliddinning qo‘ltig‘idan tutgan ikki farishta bolalar qo‘rqmasin deb, Jaloliddinni sekingina yerga tushirib qo‘yadi.

Keyinchalik, o‘z g‘azallarida ham Mavlono shunday bayt yozganlar:

– Uchmoqqa qanot yo‘q, vale uchgaymen!

Mavlononing so‘nggi vasiyati

Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlari o‘limni hayotning tugashi, katta bir musibat, judolik deb bilmaganlar. O‘limni jannatga o‘tadigan bir ko‘prik deb bilganlar. O‘limni Allohning diydoriga yetishdan bandani to‘sib turgan bir pardaning ko‘tarilishi va Yor visoligi yetish, deb bilganlar va muridlariga ham shunday tarbiya berganlar.

Yana bir narsani aytishim lozimki, Jaloliddin hazratlari to Shamsiddin Tabriziy bilan uchrshmaganlaricha tariqatlarida ham, kundalik hayotlarida ham musiqa, ohang, qo‘shiq bo‘lmagan, she’r ham yozmaganlar. U zot otalari, buyuk ulamo, “Ulamolar Sultoni” unvoni sohibi Bahouddin Valad boshlagan ma’rifatning davomchisi sifatida muridlariga dars o‘tib yurganlar. Ammo Shamsiddin Tabriziy bilan tanishgach, u kishi bilan uzluksiz davom etgan uch oylik suhbatdan, aniqrog‘i, Shamsiddin Tabriziy o‘z qalbidagi ma’rifat quyoshini Jaloliddin hazratlarining qalbiga “ko‘chirib o‘tkazganlari”dan keyin Jaloliddin Rumiy bir daqiqa ham musiqadan, ilohiy ohanglardan ajralmaganlar, g‘azallar yozganlar.

Salohiddin ismli sevimli bir shogirdlari dunyodan o‘tganida tobut oldiga tushib, musiqa sadolari ostida raqsi samoni ijro qilib borgan Mavlono dunyodan o‘tayotganlarida farzandlari va shogirdlariga shunday vasiyat qilganlar:

– Bugun men Yor visoliga yetaman! Axir bu bir umr orzu qilgan kunim! Bugun to‘y oqshomi – “Shabi Arus”. Shuning uchun yig‘lab, oh-u faryod urmang! Aza ochmang, motam tutmang! Mening Yor huzuriga borishimni bayram qiling, to‘y qiling! Mening Unga bag‘ishlab yozgan g‘azallarimni o‘qib, men sevgan qo‘shiqlarni aytib, doiralarni chalib, men sevgan naylarni chalib, meni Yor qoshiga bayramona olib boring!

Albatta, shogirdlar Mavolononing vasiyatini ado qiladilar. Tobut oldiga tushib, g‘azal o‘qib, qo‘shiq aytib, samo raqsini ijro qilib boradilar. Eng qizig‘i, Mavlononi so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun musulmon bo‘lmaganlar ham, boshqa din vakillari ham kelishadi. Ular qo‘llarida tutgan “Injil” va “Tavrot” kitoblarini o‘qib borishadi. Tarix kitoblarida yozilishicha, o‘sha kuni asr namozi masjidda o‘qilmay qolgan, namoz o‘qiydigan odam qolmagan, hamma Mavlononi kuzatishga ketgan ekan. Hamma Mavlononing tobutini bir ushlab qolishga intilganidan tobutsozlar singan tobutni to‘rt marta tuzatgan ekanlar. Oxiri sulton navkarlari qilich sermab, tobutga yo‘l ochgan va dafn marosimi nihoyasiga yetgan ekan.

Dilbar bir uchrashuv

Ko‘niyaning Novotel Konya mehmonxonasi anjumanlar saroyida biz, 40 mamlakatdan taklif etilgan jurnalistlar uchun ajoyib bir uchrashuv tashkil qilindi. Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining yigirma birinchi avlod evarasi Esenxanim Chalabiy bilan uchrashdik.

Esenxonim Mavlono Jaloliddin Rumiy, u zotning tariqatlari va qarashlari haqida, shuningdek, ota-bobolarining Turkiya zaminidan chiqarib yuborilgani va hijratda o‘tkan yillar to‘g‘risida hikoya qilib berdilar:

– Mavlononing hoki qo‘nim topgan tabarruk Konya zaminiga xush kelibsizlar! Rumiy hazratlari o‘z umrlari davomida faqat ezgulikka, hamjihatlikka da’vat etdilar. “Insonlarning ko‘zlari rangi har xil bo‘lishi mumkin, ammo ko‘z yoshlar rangi bir xildir”, degan edilar hazrati Mavlono. Ya’ni insonlar qaysi millatga, qaysi dinga yoki irqqa mansub bo‘lishidan qat’i nazar uning qalbi, dard-alamlari, quvonch va tashvishlari bir xildir. Afsuski, bu haqiqatni ilm-fan taraqqiy etgan bugungi kunimizda ham insoniyat anglab yetganicha yo‘q. Zaminning turli hududlarida turli nizolar davom etmoqda. Holbuki, insonlar ba’zan bir narsani istashadi, ammo bir-birlarini tushunishmaydi.

Albatta, Mavlononing avlodi ekanim men uchun yuksak sharaf. Shu bois, buyuk bobomiz merosini chuqur o‘rganish uchun Istambul universitetining adabiyot fakulteti arab-fors filologiyasi bo‘limida tahsil oldim. Imkon qadar Mavlononing ijodini targ‘ib qilishga harakat qildim. Dunyoning o‘nlab mamlakatlarida turli uchrashuvlarda, ilmiy anjumanlarda qatnashdim. Qayerga borsam, izzat-ikrom bilan qarshilandim. Bundan ortiq nima kerak? Men hamisha Yaratganga duo qilib, “Yo, Robbim, menga berilgan umrning so‘nggiga qadar Mavlononing muborak yo‘lida xizmat qilishim uchun imkon ber!” deb iltijo qilaman. Bizga Mavlonodan moddiy meros qolgani yo‘q. Mavlononing bosh mavlaviyxonasida asrlar bo‘yi saqlanib kelgan, hazratga tegishli bo‘lgan barcha ashyolar bugun shu yerda, Mavlono muzeyida saqlanmoqda. Ul zotdan qolgan ma’naviy merosga esa, nafaqat men, balki barcha insonlar vorisdirlar.

Mavlononing ijodi nazariy jihatdan Sharq va G‘arbda yetarlicha o‘rganilmoqda. Bir paytlar dunyoning turli hududlarida yuzlab mavlaviyxonalar, mavlaviya maktablari faoliyat ko‘rsatgan. Ammo, mavlaviylik o‘chog‘i bo‘lgan bu xonaqohlar bugun barcha hududlarda o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Mavlono “Men Qur’oni Karimning quliman, hazrati Muhammad (s.a.v) yurgan yo‘lning changiman, agar sen shu so‘zlarimga rozi bo‘lsang, men sen bilanman, aks holda, sendan yiroqdaman”, degan hikmatlari Mavlono ta’limotining butun mohiyatini ifodalaydi, nazarimda.

O‘zbekiston juda go‘zal va qadimiy diyor. Bu yurtda hazrati Mavlononi qanchalik sevishlaridan, bu ulug‘ zotning merosini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan xabarim bor. Afsuski, O‘zbekistonga hozirga qadar borish nasib etmadi. Ammo tez orada bu orzuimni amalga oshirish istagidaman.

Mavlononi xotirlab...

Mavlono dunyodan o‘tgach, u zotning muridlari, shogirdlari, butun dunyodan yig‘iladigan darveshlar ustozlari xotirasiga samo raqsini ijro qiladigan bo‘lganlar va bu marosimlar 17 kun davom etgan.

1924 yilda kommunist Mustafo Kamolbey Turkiyani Respublika deb e’lon qilgach, so‘nggi xalifani ham mamlakatdan quvib yubordi, Mavlaviya tariqatini ham, darveshlarning mavlaviyaxonalarini ham yopib tashladi. Mavlaviylar, darveshlarning samo raqslari ta’qib qilindi. Mavlononing maqbarasi muzeyga aylantirildi.

Ammo 1957 yilga kelib, Turkiya hukumati Mavlaviya tariqati buyuk tarbiya vositasi, insonlarni poklikka, Haqqa yetaklovchi tariqat ekanini angladi va yana mavlaviylikka keng yo‘l ochdi. Yana darveshlarning avlodlari pinhona bajarib kelgan marosimlarini ochiq bajara boshladilar, yana samo raqslari ijro qilina boshladi.

Albatta, sayyohlarni jalb qilish maqsadida shou tarzida tashkil qilinadigan samo raqslari, tomoshalari ham bor. Ayrim katta restoranlarda dam olish kunlari samo raqslarini haq olish evaziga ijro etadigan “Darveshlar guruhlari” mavjud. Bundan tashqari Ramazon oyida Turkiyaning deyarli barcha shaharlari, xususan, Istambul shahrining katta maydonlarida Samo raqslari ijro qilinadigan bepul tomoshalar namoyish qilinadi.

Ammo Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlari xotirasiga o‘tkaziladigan “Shabi Arus” festivali alohida tayyorgarlik bilan, dunyoning turli chekkalaridan mehmonlar taklif qilinib, alohida dastur sifatida o‘tadi. Hozir ham bu marosimlar 17 kun davom etadi va asosiy marosimlar 17 dekabr kuni poyoniga yetadi.

Bu yil Mavlono Haqqa yetganiga 747 yil to‘ldi va pandemiya tufayli ko‘pming kishilik tadbirlar o‘tkazilmadi. Ammo festival baribir o‘tkazildi. 40 dan ortiq mamlakatdan taklif etilgan ommaviy axborot vositalarining jurnalistlari uchun namoyish etilgan raqsi samoni tomosha qilish biz, o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlarga ham nasib qildi.

Festivalda Turkiya madaniyat va turizm vaziri va o‘rinbosarlari, Ko‘niya shahri rahbarlari, Mavlono Rumiy hazratlarining avlodlari ishtirok etdi. Rahbarlar kelgan mehmonlarni olqishlab, nutqlar so‘zlashdi.

Ana shundan keyin xotirlash marosimi va Mavlono sharafiga raqsi samo ijro qilindi. Marosim Qur’on tilovati va Mavlononing ruhi poklariga duolar bilan boshlandi. Darveshlarning ustozlari sahnaga chiqib, xuddi Mavlono singari ta’zim qilib, o‘z o‘rinlarini egalladilar. Keyin darveshlar kirib kelishdi. Har biri tomoshabinlarga va ustozlariga ta’zim qilib, o‘z o‘rinlarini egallashdi. Ilohiy qo‘shiqlar ostida qora xirqalarini yechgan darveshlar ikkala qo‘li ko‘ksilarida bo‘lgan holatda ustozlari qoshida ta’zim qilib, aylanishni boshladilar.

Oppoq kiyimda farishtadek aylanib, samo raqsini ijro qilayotgan darveshlarning odobi, ikromi kishini maftun qilsa, ularning uzoq vaqt musiqa ohangiga mos tarzda chirpirak bo‘lib aylanishar ekan, hech yiqilib tushmasliklari, aqalli bir-birlariga tegib ketmasliklar kishini hayratga soladi.

Biz samo raqsidan bir olam taassurotlar olib chiqdik. Ammo muhimi boshqa narsa. Samo raqsini ijro qilgan darveshlar shu raqsni ijro qila-qila ruhlari osmonga ko‘tarilar ekan, o‘sha kuni darveshlarning samo raqsini tomosha qilib, bizning ham ruhimiz yengil bo‘ldi, bizning ham qalbimizga Mavlono Rumiy o‘gitlari, nasihatlari singib ketgandek bo‘ldi. Qalbimizda Mavlono bizga vasiyat qilganidek yaxshilik, saxiylik, siniqlik, shokirlik, zokirlik hislari jo‘sh urdi.

Darveshlarga qo‘shilib, bizning ham ruhlarimiz samolarga ko‘tarilgan bo‘lsa, ne ajab?!

So‘ngso‘z o‘rnida

Azizlar, bir marta bo‘lsa ham Ko‘niyaga keling! Bir marta bo‘lsa ham Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarini ziyorat qiling! Bir marta bo‘lsa ham darveshlarning samo raqsini tomosha qiling! Bir marta bo‘lsa ham qalbingiz dunyo tashvishlaridan xoli bo‘lib, ruhingiz samolarga parvoz qilsin!

 

Karimberdi To‘ramurod,

Ko‘niya shahridan zarnews.uz sayti uchun maxsus.