Shaharda o‘tkazilgan sayyor qabulga olis qishloqlardan ham murojaatchilar keldi

Viloyat hokimining aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabuli Samarqand shahridagi "Yoshlik" istirohat bog‘ida o‘tkazildi.

Unda viloyatning 4 sektor rahbari, hokim o‘rinbosarlari, boshqarmalar boshliqlari, shuningdek, Samarqand shahri va unga yaqin tumanlar hokimlari hamda mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi. 

Sayyor qabulga kelgan har bir fuqaroning murojaati diqqat bilan tinglanib, masalalarga yechim topildi. Shahar aholisi uchun o‘tkazilgan qabulga olis qishloqlardan ham fuqarolar kelib, murojaat qildi.

- Bugungi sayyor qabulni eshitib, 100 kilometr yo‘l bosib keldim, - deydi Qo‘shrabot tumanidan kelgan fuqaro Feruza Nazarqulova. – Uzoq vaqtdan beri bir guruh hamkasblarimni va o‘zimni qiynab kelayotgan muammo jonimdan o‘tib ketmaganda kelmasdim. Ya’ni, tashkilotimiz – tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan oylik maosh to‘lanishida tushunmovchiliklar bo‘lyapti. Imtiyozli kredit asosida uy sotib olganman. Olayotgan oyligim kamligidan kreditni qaytarishga qiynalyapman. Maoshimiz turlicha. Masalan, yaqinda plastik kartamga 650 ming so‘m tushdi. Tashkilot tomonidan qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirishlar yo‘q. Shu masalaga oydinlik kiritish uchun mutaxassislar yordamiga muhtojmiz. Tumanimizda ushbu muammoga yechim topishga qiynalganimiz uchun bugun viloyat hokimiga murojaat qildim. U kishi mutasaddilarga topshiriq berdi. 

Bu galgi sayyor qabul avvalgilariga o‘xshamadi. Viloyat hokimligi mutasaddilari tomonidan karantin qoidalariga amal qilib, ushbu tadbirni o‘tkazish maqsadida katta tayyorgarlik ko‘rildi. Istirohat bog‘ining soya-salqin joylarida sharoit yaratilganligiga qaramasdan, navbatsiz qabulga kirishga uringan ayrim “uddaburon” fuqarolarning tartibsiz harakati ko‘pchilikning ko‘nglini xira qildi. 

Yana bir holat, Ba’zi fuqarolar shahar yoki tumanda, hatto mahallaning o‘zida hal etilishi mumkin bo‘lgan arzimagan muammolar bilan ham viloyat hokimiga murojaat qilmoqda. Bu kabi tushunmovchilik va sarsongarchiliklarning oldini olish uchun har bir sayyor qabulda ta’kidlanadigandek, avvalo, odamlarning huquqiy bilimini oshirish, shuningdek, quyi bo‘g‘in mutasaddilarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).