Shaharlik beka, qishloq ayoli sizdan o‘zib ketdi!
Har yili bir necha marta oilamiz kattalari bilan qishloqqa borish, qarindoshlarimiz bilan, diydorlashishga vaqt topamiz. Aslida qarindosh-urug‘ning diydori, ziyoratidan yoqimliroq his bo‘lmasa kerak.
Bundan bir yil avval borganimizda ikki kun mehmon bo‘lishimizga to‘g‘ri kelgandi. Ammam va amakimlarnikiga bordik, bemor yotganlaridan hol-ahvol so‘radik, kelin tushirganlarining qo‘lidan bir piyola choy ichdik.
Kimning uyiga borsam, hashamat, dasturxonu tozalik va boshqa holatlarga e’tibor bilan qarab o‘tirmayman. Qarindoshlarimiznikida ham shunday. Lekin keyingi paytlarda qishloq xonadonlaridagi juda ko‘p jihatlar menda havas va hayrat uyg‘otyapti. Avvalo, qaysi xonadonga bormang, eshik oldida zamonaviy qo‘lyuvgich, tekislangan supa, supa pastida qiyg‘os ochilgan gullar, yoz oylarida esa hovli atrofiga terib chiqilgan tuvak gullarga ko‘zingiz tushadi, bahri-dilingiz ochiladi. Albatta, har bir supa voyish, tok bilan o‘ralgan, tartibga keltirilgan, tomorqadagi ekinlarning bir tekis rivoji ham kishiga o‘zgacha zavq beradi.
Faqat mehnati bilan
Dasturxondagi likopchalardan tortib, taomlar ham shahardagi mehmonnavoz bekalarning dasturxonidan qolishmaydi, undan o‘tsa o‘tadiki, aslo kami yo‘q. To‘shalgan ko‘rpachalar, darpardalar ham xuddi shunday, shaharda yashovchi ba’zi bekalar orzu qilar darajada did bilan tikilgan. Sochiqlarning dasturxonga moslab qo‘yilgani, gazli ichimliklar uchun bejirim fujerlar ham e’tiborimdan chetda qolmadi bu gal.
Uydagi bezak, mehmon kutishdagi odatiy holatlarni batafsil tasvirlayotganimdan hayron qolayotgandirsiz. Gap shundaki, bundan bir necha yil avval (ko‘pchilikning nazdida haliyam) qishloqdagi hayot xuddi ilgarigidek uniqib ketgan ro‘zg‘orday tasavvur qilinardi. Bugun sharoitlar tamomila o‘zgarib ketganini bir yilda bir borib bilib bo‘lmaydi, qishloqda uch-to‘rt kun yashab, buni his qilish kerak.
Shular haqida aytarkanman, qishloqdosh ayollar iymanibgina kulib qo‘ydilar. Shaddodroq ammam, “Yur, senga bir nima ko‘rsataman”, deb qo‘limdan tortib ketdi.
Yangi qurilgan oshxona, zamonaviy hammomlarini ko‘rsatib chiqdi. Barchasida ayolning mehnat qilishi uchun qulay shart-sharoit yaratilgan, issiq-sovuq suv muhayyo.
- Sen doim qahramonlaringni boshqa tumanlardan izlab yurasan, bizning qishloq ayollarini hech yozmaysan, shunga bilmaysan-da, - deb hazil qildilar yana bir ammam Matluba Ergasheva. – Mana, ishonmasang, mehmon opalardan ham so‘rab ko‘r, ularning ham uyida shunday sharoit bor. Lekin bularning hammasi mehnat bilan bo‘ladi. Mehnat qilmaganni tomorqasidan ham bilsang bo‘ladi, uyiga kirib o‘tirishing shart emas.
Avvaliga men ularning oilasida chetda ishlaydiganlar bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Ammo bir uy ayoldan so‘rab-surishtirib bildimki, unday oilalar sanoqli ekan.
Darvoqe, rostdan ham bu yerda odamlar bir-biridan uyalib ham tomorqasini yaxshilab qo‘yishga, kezi kelganda, kimo‘zarga hosil yig‘ishga kirisharkan.
Bog‘cha bolalari mashinada uyiga keltiriladi
Hovli atrofini ko‘zdan kechirib yurgan paytimizda darvozadan ammamning nevarasi kirib keldi. “Bog‘chadan kelayotgan kattakonim”, deb erkatoyini suygan bo‘ldilar ammam. Mening esa hayronligim oshgan.
- Iye, bog‘cha shuncha yaqinmi, piyoda kelyaptimi? - deb so‘rayman.
- Yo‘g‘-a, mashina olib kelib, olib ketadi bolalarni, oilaviy bog‘cha ochilgan qishlog‘imizda.
- Necha pul to‘laysizlar, juda qimmatdir-da, bolalarni uyidan olib ketish xizmati ham bo‘lsa.
- Unchalikmas, 150 ming so‘m to‘laymiz.
- Unda oziq-ovqati haminqadardir-da, - deyman baribir ishonqiramay.
Kelini barcha gaplarimni eshitib o‘tirgan ekan shekilli, “unaqamas, mana ko‘ring”, deya telefonini olib keldi. O‘zlari tashkil qilgan telegram guruhda ota-onalar uchun tarbiyalanuvchilar nima iste’mol qilayotgani, qanday mashg‘ulot o‘tayotganlari – hammasi suratlar bilan berib borilar ekan. Oilaviy bog‘chalar ko‘paygani uchun mijozlarini yo‘qotmaslik uchun sharoitini yaxshilashga, mashg‘ulotlarni mukammalroq o‘tishga intilarkan. “Qishloq mazza-ku”, devordim, beixtiyor. Bu eshitganlarim hali holva ekan.
Qizlar xorij universitetlarida o‘qishga ahd qilgan
Keyingi manzil, yana bir qarindoshimizning uyiga to‘satdan hol so‘rash uchun bordik. Tezda mo‘’jazgina joy tayyorlandi. Oradan ko‘p o‘tmay, qovurilgan jo‘ja keltirildi, uyda pishirilganga o‘xshamadi, hayron bo‘ldim, bu haqda so‘radim.
- Qishlog‘imizda oshxona bor-ku, qo‘ng‘iroq qilsak, uyga ham olib kelib berishadi, - dedi uy bekasi.
Shu orada ularning bir farzandi maktab kiyimida begona mashinadan tushayotganiga guvoh bo‘ldim.
- Qizim tumanimizdagi Prezident maktabiga kirdi shu yil, - deydi Malika Rahmonova. – Bir yil davomida ingliz tili va matematikadan repetitorga bordi, shukur, mana niyatlari ijobat bo‘ldi. Xorij institutida o‘qimoqchi, diplomat bo‘laman, degan niyatlari bor. O‘zim tikuvchilik qilaman, turmush o‘rtog‘im ham ishlaydi. Tomorqamiz, mol-holimiz bilan bog‘liq yumushlarni qaynonam, qaynotam bilan birgalashib qilamiz. Oshxona, hammomlarni o‘zimizga qulay qilib jihozlab olganmiz. Ba’zi qo‘ni-qo‘shnilar “Uyingiz shahardagiday, pulni qanday qilib yetkazasizlar?”, deb so‘raydi. Menimcha, pulni turli hoyu-havaslarga emas, to‘g‘ri ishlatsa, ayolga ham ro‘zg‘orda yaxshi sharoit yaratib olish mumkin.
Qadoq qo‘llarni ko‘rmadim
To‘g‘risi, har bir xonadonga borganimda hayratim oshaverdi. Axir, esimni taniganimdan beri shu qishloqqa qatnayman. Lekin xonadonlardagi hozirgi kabi o‘zgarishlar, sharoitlarga oldin hech duch kelmaganman. Bitta mahallaning o‘zida bir necha zamonaviy do‘kon, supermarket, uchta oshxona, to‘rtta oilaviy bog‘cha, go‘zallik saloni, o‘nlab tikuvchilik sexlari, qolipli non ishlab chiqaruvchi sexlar – bularning hammasi yuqoridagi voqealar ro‘y berayotgan hudud - Oqdaryo tumani Oytamg‘ali mahallasiga tegishli.
Esimda, bolaligimda yoz kunlari qishloqqa borib turganimda ammamlarni (ular olti nafar) deyarli ko‘rmasdim. Tong sahar dalaga chiqib ketardilar. Kechroq o‘zlarining tomorqasida ishlardi. Qo‘llari mudom qorayib, yorilgan, mehnatdan yuzlari ham yosh bo‘lsa-da, ajin bosganday ko‘rinardi ko‘zimga.
Bugun me’yorida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning qo‘llarida qadoq ko‘rmadim. O‘zlariga qaragan, oro bergan ayollar ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Qiziqdim, paxtaga chiqadigan ayollar ham sanoqli ekan. To‘g‘ri, barcha hududlarda ahvol shunday, deb bo‘lmaydi. Ammo tomorqasi bor, ekin ekish uchun sharoiti bo‘la turib, ahvoli yaxshi bo‘lmagan qishloqlardagi turmushni chetdan hech kim kelib o‘zgartirolmaydi.
Gulruh Mo‘minova.