“Sharq taronalari” festivali mehmonlari uchun 22 ta mehmonxona xizmatga shay

Joriy yilning avgust oyi oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Sharq taronalari” XII Xalqaro musiqiy festivali, “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolari va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjuman hamda “O‘zbekiston - buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” meros haftaligiga dunyoning turli mamlakatlaridan jami 650 nafar mehmonlar tashrif buyuradi.

Ularga 22 ta mehmonxona (558 ta xona, 979 ta o‘rin) tashkil qilinib, joylar hozirlab qo‘yildi. Shundan, “Sharq taronalari” Xalqaro musiqiy festivali mehmonlari uchun 14 ta (345 ta xona, 639 ta o‘rin), “YuNESKO” shafeligidagi tadbirlar doirasida tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun 8 ta (213 ta xona, 340 ta o‘rin ) mehmonxona xizmat ko‘rsatadi.

Festvial ishtirokchilari uchun 10 dan ortiq restoran va taomxonalar ajratilgan. Mehmonlar 14 ta tarixiy obida va ziyoratgohlarga 4 ta marshrut asosida olib boriladi. Shu bilan birga, Samarqand shahrida 5 ta, Oqdaryo, Samarqand, Past Darg‘om, Toyloq, Urgut va Jomboy tumanlarida bittadan madaniyat muassasalariga tadbirlar ishtirokchilarining tashrifi uyushtiriladi.

Ayni damda “YuNESKO” shafeligidagi tadbir doirasida Rasmiy mehmonlar uyi, Imom al-Buxoriy majmuasi hamda “Bog‘ishamol garden” maskanini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.