"Sharq taronalari" festivaliga tayyorgarlik davom etmoqda
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidov, shuningdek, tegishli mas’ullar Samarqand shahriga kelib, festivalga tayyorgarlik ishlari bilan qiziqdi.
Ularga viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov hamrohlik qildi.
Ishchi guruh a’zolari “Sharq taronalari” festivali tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Boqiy shahar” majmuasining sharoit hamda imkoniyatlarini o‘rgandi. Operativ shtab tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining situatsion markazi, “Boqiy shahar” hududidagi 2 ta maxsus binolar bilan tanishdi. Shu bilan birga festivalning ochilish va yopilish marosimlari, xalqaro tanlov tashkil etiladigan amfiteatr binosi, mahalliy va xorijiy ishtirokchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot markazi, festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya manzili ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, xorijlik taniqli san’atkorlar va o‘zbek estradasi vakillari ishtirokida Samarqand viloyatining 16 ta shahar va tumanlarida konsert dasturlarini tashkil etish, ishchi guruh tarkibiga kiruvchi turli vazirlik hamda idoralar vakillaridan iborat kichik ishchi guruhlarni tuzish muhimligi qayd etildi. Bundan tashqari, Samarqand xalqaro aeroporti va vokzalida operativ shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yish, festivalning xorijiy ishtirokchilariga hamrohlik qiluvchi 100 nafardan ortiq volontyor tarkibini saralab olish hamda ularni o‘qitish masalalari muhokama qilindi.
Festival bo‘lib o‘tadigan hududda viloyatlardan tashrif buyuradigan hunarmandlar uchun yarmarka va ko‘rgazma tashkil etishda sharoit yaratish tavsiya etildi.
Nazokat Usmonova.