“Sharq taronalari” qayerda o‘tkaziladi? Tayyorgarlik jarayonlari qanday ketyapti?
Bu galgi festival nega Registonda o‘tkazilmaydi?
YuNESKO shafeligidagi an’anaviy “Sharq taronalari” o‘n uchinchi xalqaro festivali bu yil ilk bor 25-30 avgust kunlari Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkaziladi. Ayni paytda festivalga tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda.
- Festivalni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida repetitsiya jarayonlarini hozirdan boshladik, - deydi rejissyor Shamsiddin Usmonov. – Ko‘pchilik bu galgi festival uchun nega “Boqiy shahar” majmuasi tanlanganini so‘ramoqda. Ma’lumki, moddiy madaniy merosimiz bo‘lgan “Registon” ansambli tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu yodgorlikni asrab-avaylash, kelajak-avlodga yetkazish, yurtimizga kelayotgan sayyohlarga qadimiy obidalarmizni o‘z holicha ko‘rsatish, qolaversa, nafaqat Samarqandning, balki butun O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etish uchun barcha sharoit yaratilgan yangi turizm markazining imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida ushbu maskan tanlandi.
Festival ochilishida biz milliy sana’timiz bilan birga, sohadagi o‘zgarishlarni ham ko‘rsatish uchun harakat qilamiz. Hozirda sahnalarni bezatish, milliyligimizni o‘ziga xos aks ettirish hamda turli sahna chiqishlarini namoyish etish maqsadida rassomlar, dekoratorlar, aktyorlar, harbiylar va talabalar bilan tayyorgarlik ishlarini olib boryapmiz. Bu galgi festivalning ahamiyatli tomoni, barcha ishtirokchi davlatlar sozanda, xonanda va raqs ustalari tomonidan o‘tgan yillarda chiqish qilinmagan sara san’at asarlari namoyish etiladi.
Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida respublikada va Samarqand shahrida Madaniyat vazirligining shtabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ijodiy guruhlar, volontyorlar bilan ishlash, mehmonlarni kutib olish bo‘yicha alohida ishchi guruhlar ham tashkil etilgan.
- Ayni paytda mehmonlarni kutib olish hamda festival bo‘lib o‘tadigan hududda viloyatlardan tashrif buyuradigan hunarmandlar uchun yarmarka va ko‘rgazma tashkil etishga tayyorgarlik ketmoqda, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘azal Sirojiddinov. - Shuningdek, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida ishtirok etuvchilar o‘rtasida 13-14 avgust kunlari respublika ko‘rik-tanlovi e’lon qilingan bo‘lib, tanlov professional xonanda va sozandalar o‘rtasida ikki yo‘nalishda o‘tkaziladi. Ko‘rik-tanlovda 18 va undan yuqori yoshdagi ijodkorlar ishtirok etadi va 1, 2 va 3-o‘rin g‘oliblari festivalda ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Festival doirasida 27-28 avgust kunlari «Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi va unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.