"Sharq taronalari" qo‘shig‘i yaralganiga 20 yil bo‘ldi

Shu yilning 26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida "Sharq taronalari" o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi.

Sir emas, Sharq musiqasi – bugungi kunda nafaqat Sharq, balki G‘arb xalqlarini ham o‘ziga maftun etib kelmoqda. Sharq musiqasi o‘ziga xosligi, milliyligi, beqiyos an’analarning saqlab qolganligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun bu musiqa dunyo bastakorlari, olimlari, musiqashunoslari ko‘z o‘ngida hayratomuz bo‘lib ko‘rinadi. Festivalda kuylanadigan musiqaning ohangiyu, jumlalari ham o‘ziga xos, sharq xalqlari mushtarakligini mujassamlashtirgan.

Dunyoning ko‘ngliga sen berding hayot,

Ruhingdan ona sharq, yaraldi bayot,

Kuylamoq shavqida mohir o‘zingsan,

Hofiz o‘zingdirsan, shoir o‘zingsan.

Jo‘r bo‘lgin insonga musiqa qanot,

Qo‘shiqdan ko‘ngillar bo‘lg‘usi bunyod,

Qo‘shiqqa o‘rtangan tilaksan, o Sharq,

Jumlai jahonga yuraksan, o Sharq!

Salom, Samarqand, sharq darvozasi,

Taral jahonga  sharq taronasi.

Bu qo‘shiq jarangi jahonning o‘nlab mamlakatlarida baralla sadolanib, bir  qator xorijiy tillarida  yangraganiga ham mana 20 yildan oshdi. Qo‘shiqning dunyo miqyosida ommalashganiga sabab, kuyning sharqona ohanglar bilan uyg‘unligi va barcha millatlar musiqasiga mushtarakligidir. Jumlalarning sodda va ravonligi, mazmunan boyligi shoirning mahoratidan dalolat. So‘nggi ikki misrada festivalning maqsadini chiqarib bera olgan. Taniqli o‘zbek kompozitori Dilorom Omonullayevaning shoir Usmon Azim she’riga bastalagan bu qo‘shig‘i Samarqand shahrida har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan "Sharq taronalari" musiqa festivalining madhiyasiga aylanib qoldi.

Shuningdek, mazkur nufuzli musiqiy anjumanning o‘ziga xosligi shundaki, u o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta tadbirlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Shulardan biri xonandalarning "Eng yaxshi milliy qo‘shiq ijrosi uchun" nomli tanlovidir. Unda san’atkorlar Registon maydonidagi me’moriy yodgorliklar - Sherdor, Ulug‘bek va Tillakori madrasalari tutashgan maydonda qad ko‘targan katta ochiq sahnada tinglovchilarga o‘z mahoratini namoyish etadi. Xonanda va sozandalar ijrolari xalqaro hay’at a’zolari tomonidan an’anaviy (milliy) xususiyatga mos kelishi, yuqori kasbiy ijro darajasi, cholg‘u va aytim ijrosi uyg‘unligi, dastur murakkabligi, ovoz va ijro mutanosibligi, talqin etish noyobligi kabi mezonlar asosida saralab boriladi va tanladi.

"Sharq taronalari" Xalqaro musiqa festivali – musiqa, qo‘shiq, raqs, milliy liboslar namoyishi va betakror milliy go‘zallik bayramidir. Unda har bir janr hayratlanarli darajadagi musiqa, poetik fantaziya jihatidan rang-barang xislatlarini kashf etadi.

Javodbek KOZIMOV,

SamDU dotsenti.                

Muzaffar TOSHPO‘LATOV,

SamDU musiqa ta’limi kafedrasi o‘qituvchisi.