Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi.

Qur’on tilovat etilib, xalqimiz ozodligi uchun fido bo‘lgan insonlar haqiga duo qilindi. An’anaga ko‘ra, elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Fidoyi va vatanparvar bobolarimizning hayoti va merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Mamlakatimizdagi tinchlik, erkinlik va to‘kinlikning qadriga yetish, diling Ollohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin degan g‘oyaga amal qilib, hamma sohalarni rivojlantirishga intilish, yoshlarni keng dunyoqarashli, vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash muhimligi ta’kidlandi.