“Sheremetevo-Samarqand-Sheremetevo” yo‘nalishidagi reys mojarosi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi
Joriy yilning 12 mart kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali “Samarqandda. 1200 AQSh dollariga bilet olib ucholmadik” sarlavha ostida tarqalgan videolavha Samarqand xalqaro aeroportining vaqtinchalik aerovokzalida suratga olingan bo‘lib, unda bir qancha fuqarolarning parvozga qo‘yilmaganligi haqida so‘z boradi. “Uzbekistan Airports” AJ axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Mazkur holat yuzasidan shuni ta’kidlash mumkin: birinchidan, “Uzbekistan Airports” AJ tasarrufidagi 11 ta xalqaro aeroportning birortasiga bilet sotish vakolati berilmagan. Ikkinchidan, pandemiya sharoitida tashkil qilinayotgan charter parvozlari uchun ham biletlar xorijiy davlatlarning (qaysi davlat reysi ekaniga qarab) aviakompaniyalari orqali sotiladi. Va aviakompaniya vakillari ishtirokida ro‘yxatdagi, shuningdek hujjatlari talab darajasida taqdim etilgan yo‘lovchilargina parvoz qila oladi.
Aniqlanishicha, 12 mart kungi “Sheremetevo-Samarqand-Sheremetevo” yo‘nalishiga (131 yo‘lovchidan) 29 nafar yo‘lovchining parvoz qilishiga ruxsat berilmaganiga asosiy sabab, "Aeroflot" aviakompaniyasi tomonidan talab qilingan hujjatlarning to‘liq taqdim etilmaganligi, soxta hujjatlarning havola qilinganligidir.
Eslatma o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining Rossiya Federatsiyasiga parvoz qilishi uchun talab qilinadigan barcha hujjatlar “Aeroflot” aviakompaniyasi vakillari tomonidan tekshirilib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Bu jarayonda aeroport xodimlarining mutlaqo ishtirok etmasligini, ularning aviachiptalar savdosi, narxiga va charter reyslarni tashkil qilishga mutlaqo daxli yo‘qligi ma’lum qilingan.
O‘zbekiston aeroportlari yo‘lovchilarning uchib kelishi va uchib ketishi vaqtida o‘z xizmatlarini ko‘rsatadi, deyiladi rasmiy munosabatda.
***
Ma’lumot uchun: "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi 2020 yilning sentyabr oyida Belarus, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga, shu yilning 20 yanvaridan Tojikistonga, mart oyida Germaniya va Hindistonga muntazam parvozlarni tikladi.
Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy bo‘lib qolayotgan mamlakatlarga, xususan, Rossiyaga parvozlar maxsus reyslarda davom etmoqda. Avvalroq respublika transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev mart-aprel oylarida Rossiya bilan muntazam havo qatnovi tiklanishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.