Shifoxonalarda yopilgan eshiklar xospislarda ochiladi
Xospis tushunchasi mamlakatimizga kirib kelgan bo‘lsa-da, hozircha uning asosiy faoliyati ko‘pchilikka yaxshi tanish emas. Vaholanki bu tushuncha xorijda allaqachon shakllangan va unga murojaat qilayotgan bemorlar qayerga kelgani va nima uchun borayotganini yaxshi bilishadi. Bizda-chi mazkur tushunchani qanchalik anglayapmizmi? Samarqandda mamlakatimizdagi sanoqli xospislardan biri ishlayotganidan odamlar xabardormi?
Samarqand shahar, Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi eski shifoxonalardan biri mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan to‘liq rekonstruksiya qilinib, qayta jihozlanib hududlararo xospis sifatida ish boshlaganiga bir yildan oshib qoldi. Muassasaning asosiy maqsadi og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatishdan iborat. Mazkur xospis samarqandliklar bilan bir qatorda qo‘shni Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.
- Avvalo aholiga palliativ yordam ko‘rsatish haqida batafsilroq to‘xtalish lozim, - deydi xospis bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Nodir Rahimov. – Chunki bizning vazifamiz og‘ir ahvoldagi bemorning ahvolini yengillatish va umrini uzaytirish uchun mo‘ljallangan yordam ko‘rsatishdan iboratdir. Tasavvur qiling, og‘ir ahvoldagi, ayniqsa onkologik, klinik immunologik kasalliklari bor bemor kasallikning eng og‘ir bosqichlarida. Uni bu holatda shifoxonalar qabul qila olmaydi, sababi, standartlar bo‘yicha ushbu bemorga barcha tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay, uni turli darajadagi og‘riq va bir nechta asoratlar bilan uzoq muddat uyida, shunchaki taqdir zayliga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Ularning dardiga darmon bo‘lish, sifatli yordam ko‘rsatish juda muhim. Ayniqsa, bunday bemorlar mavjud oilada xonadon egalari uchun murakkab vaziyat yuzaga keladi. Ular bemor parvarishi haqda yaxshi tushunchaga ega bo‘lmaydi, doimiy og‘riqlar va uzoq vaqt yotoq oqibatida kelib chiqadigan kasallik asoratlarining oldini ololmaydilar. To‘g‘ri, xospisda bemorlar yillab qolmaydi, buning ham o‘ziga yarasha standartlari bor. Misol uchun bizda bemorlar ko‘pi bilan olti oygacha davolanishi mumkin. 50 o‘rinli xospisdagi palatalarning har biri ikki kishilik. Bittasida bemor yotsa, ikkinchisida uning qarovchisi bo‘ladi. Ya’ni biz bemor qarovchilariga ham unga to‘g‘ri qarashni parallel tarzda o‘rgatib boramiz.
Prezident qarori asosida tashkil etilgan xospisda davolash standartlari to‘liq xorij tajribasi asosida, bepul olib borilmoqda. Ammo bu tajribani qo‘llashda bizning bemorlarning ahvol-ruhiyatini hisobga olgan holda ish ko‘rmoqdamiz. Yaxshi bilasiz, xorijda bemorning holati unga to‘liq bayon etiladi, ya’ni qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bemor o‘zining haqiqiy tashxisi va ahvolini bilishi kerak. Shuning uchun ham xospisga kelayotganlarda bu yerdagi muolajalar haqda tushuncha bo‘ladi. Ammo bizda haliyam bemorlarga, iloji boricha, uning holati aytilmaydi, bu ko‘proq ularning yaqinlari iltimosiga ko‘ra bo‘ladi.
Olti nafar shifokor, 23 nafar hamshira va shuncha kichik tibbiyot xodimi faoliyat olib borayotgan mazkur muassasada shu paytgacha 1,5 ming nafar bemor davolanib, dardini yengillashtirib ketdi. Inson hayoti shunday: to‘satdan, hech kutilmagan holatga tushishi, yetti uxlab tushingga kirmagan voqealar guvohiga aylanishing mumkin. Shaxdam qadamlar ila yurganimizda salomatligimizdan ayrilib qolishimiz ham hech gapmas. Shunday paytda o‘zini mardonavor tutgan inson aslida umridan nolimasa ham bo‘ladi, demak u bu hayotdan ko‘p narsani o‘zlashtiribdi.
Xospis qaysidir ma’noda shunday, mardonavorlikni tarbiya qiladigan makon.
- Bu yerda ishlashning o‘ziga xos murakkabliklari bor, - deydi xospis shifokori Avaz Murodov. – Odatda, shifokor bemorni to‘liq davolab, sog‘ayib ketganidan ruhlanadi, ishidan qaysidir ma’noda zavq oladi. Bu yerda esa bemorlarga doimiy qarov va parvarish lozim. Ruhiyati juda noziklashgan, shifoxonalarda yotaverib, charchagan, demakki, umidsizlikka tushgan bemorlar bo‘ladi. Ularning ko‘nglini olish qiyin, har biriga to‘g‘ri so‘z topa bilishingiz kerak. Afsuski, keluvchilar, ayniqsa onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar orasida o‘z aybi bilan kasalligini o‘tkazib yuborganlar ham bo‘ladi. Ya’ni shifokorlarning saraton, degan tashxisini qabul qila olmay, tabibma tabib yurgan bemorlar ham ko‘p. Natijada ular shunaqa og‘ir ahvolda kelishadiki, ularga har qanday muolaja ham ta’sir qilmaydi.
Ko‘plab xastaliklarga davo topilayotgan, eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalar juda katta tezlikda mamlakatimizga kirib kelayotgan bir paytda butun dunyodagi kabi xospis inson dardini yengillatish uchun yagona choradir.
Shuning uchun ham 2024 yil yakuniga qadar ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etish tegishli me’yoriy hujjatlarda belgilangan.
Endilikda og‘ir ahvoldagi bemorlarga shifoxonalarda yopilgan eshiklar xospislarda ochiladi.
Gulruh MO‘MINOVA.