"Shijoatin oxori bordur": III darajali davlat adliya maslahatchisi Erkin Abzalov 70 yoshda

Erkinjonni juda ko‘p yillardan beri taniymiz. Garchi Chimkentda tug‘ilib-o‘sgan bo‘lsa-da, 1970 yildan keyingi umri O‘zbekistonda, huquq-tartibot organlari idorasidagi faoliyati bilan bog‘liq.

U yoshligida deyarli barcha oddiy ishlarni bajarib o‘rgangan. Sirdaryoda quruq yerlarni o‘zlashtirayotgan fidoyilarning avtokorxonasida, gaz idorasida turli yumushlarni bajardi. Ish og‘ir, maoshi kam demadi. Oddiy baraklarda, cho‘lquvarlar yonida bo‘ldi, lekin qo‘lidan kitob tushmadi, otasining "Bolam, Toshkent o‘qimagan odamlarni sig‘dirmaydi", degan gapini esda saqladi. 

Odamlar bilan munosabatni o‘rgangan, o‘z bilimini sinashni o‘rgangani uchunmi, Toshkent davlat universiteti huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirgandan keyin deyarli barcha fanlarda peshqadam bo‘ldi. Binobarin diplomni olgach ham aynan Sirdaryoning huquq-tartibot idoralarida faoliyat yuritgani Erkinjonga juda katta hayotiy tajriba bo‘ldi. O‘zi aytganidek, "Agar men shaharroq joyda, markazroq joyda tajriba o‘tab, ishlaganimda bunday darajaga erisha olmasligi" mumkin edi. Negaki, viloyatdagi ijtimoiy muhit bu yerdagi har bir fidoyining faqat sadoqat bilan xizmat qilishini talab etardi. 

E.Abzalov bir muddat Samarqand viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishladi va bu ko‘hna zaminning chinakam farzandi bo‘lib qoldi. Chunki bu yerda o‘rgangan ilmmi, orttirgan tajribasimi, balki namoyish qilgan ibratidir - 1988 yilda uni ittifoq prokuraturasi umumiy nazorat bo‘limi prokurorligiga munosib ko‘rdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Erkin Mehmonovich Samarqand huquq-tartibot organlari xodimlari, viloyat ahli, bu yerdagi ajoyib odamlar haqida doimo g‘ururlanib gapiradi. 

Erkinjon huquq-tartibot organlaridagi faoliyati davomida doimi yuksak mas’uliyat, nihoyatda aniqlik bilan ishlashga intilgan. Uning yig‘ilish yoki tadbirga kech qolganini, topshiriqni uddalay olmay gap eshitganini uncha-buncha odam ko‘rmagan, eshitmagan. Garchi kamtar, kamsuqum, kamgap bo‘lsa-da, biroq kasb, gap Vatan, xalq manfaatiga kelib taqalganida undan baland ovoz bilan gapiradigan topilmasdi. Shu sababli Qashqadaryo viloyati, Toshkent shahar Sobir Rahimov tumani prokurori, Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani prokurori va shu tizimdagi boshqa bir qator lavozimlarda ishlaganida ham barchaga ibrat bo‘ldi. Darvoqe, u kishi ikki yildan ziyodroq vaqt ichida Qashqadaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ham ishladi. 

Erkinjon bugun ham tinch o‘tiradigan nuroniylardan emas. Avvalo, hamkasblari davrasida doimo yangicha ishlash, yangicha yashashni targ‘ib etadi, ko‘p kitob o‘qiydi, ko‘p maqola yozadi. Ko‘plab sport federatsiyalari, xususan, ot sporti federatsiyasining faoli sifatida deyarli barcha xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. Ijtimoiy tarmoqda esa Vatanimizda bo‘layotgan har bir o‘zgarishlarga munosabat bildirishga ulguradi. Shuning uchun ham bugun samarqandlik hamkasblari, do‘stlari, viloyat ziyolilari nomidan ana shu tabarruk tuproq sha’niga munosib yashayotgan aziz zamondoshimizni tabarruk 70 yoshi bilan tabriklashga jazm etdik.

Shukrona kunlaringiz muborak bo‘lsin, Erkin Mehmonovich!

Alisher MARDIYeV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.

Farmon TOShEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.