Shikoyat o‘rganildi. Natijadan ko‘ngil to‘ladimi?
Unda muallifning ko‘p yillardan buyon "Urgut savdo kompleksi"da savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgani, har oyda patent to‘layotgan bo‘lsa-da, M.Jabborova uning savdo joyini egallab, ishlashiga xalaqit berayotgani bayon etilgan. Xatni o‘rganish uchun viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasiga yubordik va uyushma raisi T.Mamadaliyevdan quyidagi mazmunda javob oldik:
"N.Ochilovaning arizasi joyida o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, "Urgut savdo kompleksi"da unga qarashli savdo do‘koni mavjud bo‘lmasa-da, 2012 yil 28 avgustdagi Vazirlar Mahkamasining "Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 253-sonli qarori talablariga zid ravishda yasama peshtaxtada savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Uning peshtaxtasi M.Jabborovaning salqin ichimliklar paviloni oldi qismiga qo‘yilib, erkin savdo qilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Vaholanki, M.Jabborova kadastr hujjatlariga ega. Tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha soliq to‘lovlarini amalga oshiradi va N.Ochilova tomonidan qilinayotgan savdoga e’tirozi yo‘q.
Shikoyatda arizachi ahvoli nochorligi, do‘koni yo‘qligi va bu masalada jamiyat boshqaruvi tomonidan yordam ko‘rsatilmayotganligini yozgan. Bu masala yuzasidan jamiyat boshqaruvi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilib, sotuvchi va xaridorlarga sharoitlar yaratish, noqonuniy o‘rnatilgan peshtaxta va yasama soyabonlardan hududni tozalash choralari ko‘rilyapti. Hozirgi kunda jamiyat boshqaruvi tomonidan zamonaviy va bir hajmdagi peshtaxtalar yasash uchun buyurtmalar berilganligi, ularni tartib bilan o‘rnatib, do‘konlari mavjud bo‘lmagan sotuvchilarga ijaraga berish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Arizachiga pavilon oldidagi peshtaxtasi noqonuniy o‘rnatilganligi va bu bozor hududidan olib tashlanib, unga faoliyati uchun jamiyat tomonidan yasalgan va tartib bilan o‘rnatilgan peshtaxtada savdo qilishi uchun berilishi aytildi".
Xat tashkilot tomonidan atroflicha o‘rganilgani javobdan ma’lum. Ammo N.Ochilova bilan telefon orqali bog‘langanimizda, unga amaliy yordam ko‘rsatilmaganini aytdi.
– 2011 yildan buyon "Urgut savdo kompleksi"da savdo qilaman, – deydi N.Ochilova. – 2012 yilda M.Jabborova pavilonni sotib oldi va 4 kishiga ijaraga berdi. Har oy men kabi 3 kishi ham unga yer solig‘i uchun 150 ming so‘m to‘lab kelamiz. Shu vaqtgacha yaxshi ishlab kelayotgan edik. Ammo o‘tgan yilning noyabr oyidan M.Jabborova pavilon oldiga matolarni ilish uchun temirdan to‘sin yasattirdi. Bu mening savdo qilishimga xalaqit beryapti. Axir ikkimiz ham shu yerdan ro‘zg‘or tebratamiz. Bu ishlari noto‘g‘ri ekanligini aytsam, meni hatto qo‘rqitishga ham urindi. Murojaat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganildi-yu, natijasiz. To‘g‘ri, yaqinda bozorga yangi peshtaxtalar olib kelindi. Ammo talabga javob bermaydi. Fanerdan ishlangan bu peshtaxtalar omonat bo‘lib, faqatgina non, pista, qurt sotishga mo‘ljallangan. Og‘ir narsalarni ko‘tara olmaydi. Narxi 2 million so‘m.
N.Ochilova gaplarini eshitar ekanmiz, odamlar orasida mehr atalmish tuyg‘uning yo‘qolib ketayotganiga achindik. Axir oddiy kelishuv bilan hal bo‘ladigan masalaning yuqori tashkilotlargacha yetib borishi to‘g‘rimi? Aslida bu kabi muammolar shirin so‘zimiz, ezgu amallarimiz, insoniy fazilatlarimiz orqali hal etilmaydimi?
Nasiba JONTO‘RAYeVA.