Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi AQSh Tinch okeani uzra Pxenyan raketasini ushlab qolishini urush e’loniga tenglashtirdi
Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi, KXDR Markaziy qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Kim Ye Chjon AQSh va Janubiy Koreyaning Pxenyanning raketa sinovlariga aralashish bo‘yicha har qanday harbiy urinishini KXDR urush e’lon qilish sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirdi.
“Agar strategik qurollarni AQSh yurisdiksiyasidan tashqaridagi ochiq dengizlar va mintaqada, atrofdagi davlatlar xavfsizligiga hech qanday zarar yetkazmasdan sinovdan o‘tkazishimiz ortidan to‘xtatib turish kabi harbiy reaksiya kuzatilsa, bu KXDRga ochiq-oydin urush e’lon qilingani bo‘ladi", dedi Kim Ye Chjon Koreya markaziy axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “namoyishli harbiy harakatlari” va oxirgi paytlarda “qabul qilib bo‘lmaydigan chegara”ga yetgan Vashington hamda Seulning ifodalari Pxenyanning “ajralmas reaksiyasi” uchun sharoit yaratadi.
“Avval tushuntirilganidek, biz AQShning notinch harbiy faoliyati, Janubiy Koreya qo‘g‘irchoq harbiy kuchlari harakatini kuzatib boramiz va qarorimizga muvofiq istalgan vaqtda tegishli, tezkor va bostiruvchi choralar ko‘rishga doimo tayyormiz”, dedi Kim Ye Chjon.
"AQSh va Janubiy Koreya vaziyatni yanada og‘irlashtiradigan so‘z va harakatlardan tiyilishi kerak", deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq AQShning Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi rahbari admiral Jon Akvilino agar Shimoliy Koreya Tinch okeani tomon qit’alararo ballistik raketa uchirsa, AQSh uni darhol tutib olishini ma’lum qilgandi.