Shimoliy Koreya hukumati COVID-19 sababli mamlakatda "to‘satdan favqulodda holat" e’lon qildi: shu vaqtgacha mamlakatda rasman koronavirus "bo‘lmagan" edi
Janubiy Koreyaning Renxap axborot agentligi mamlakat OAVlariga tayanib, Shimoliy Koreyada koronavirus infeksiyasining birinchi holati haqida xabar berdi.
KXDR rasmiylari shu kungacha mamlakatda COVID-19 bo‘lmaganligini ta’kidlab keladi.
12 may kuni mamlakatda KXDR Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosining yig‘ilishi chaqirilib, unda respublika rahbari Kim Chen In ishtirok etgan.
“2020 yilning fevral oyidan shu kungacha - ikki yil-u uch oy davomida favqulodda epidemiyaga qarshi front qo‘riqlagan mamlakatimizda favqulodda vaziyat vujudga keldi”, deyiladi xabarda.
Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Kim Chen In favqulodda vaziyatni “to‘satdan” deb atagan.
“Mamlakatning barcha tuman va shaharlarida har biri o‘z mintaqangizni blokirovka qiling va zararli virus tarqalish yo‘llarini mukammal tarzda yoping. Biz to‘satdan paydo bo‘lgan inqirozni yengamiz va virusga qarshi shoshilinch kurashda albatta g‘alaba qozonamiz”, dedi u.
Qayd etilishicha, 8 may kuni Pxenyanda isitma qilgan bemorlarda o‘tkazilgan test natijalari BA.2 koronavirusi, ya’ni omikron shtammi variantini ko‘rsatgan. Mamlakat rasmiylari "maksimal favqulodda vaziyat"da virusni nazorat qilish tizimi joriy etilganini e’lon qilgan.