Shimoliy Koreyaning raketa uchirishi Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya muhokamasida
Janubiy Koreya va AQShning KXDR bo‘yicha maxsus vakillari No Gyu Dok va Son Kim yakshanba kuni Yaponiya vakili Takexiro Funakosi bilan Shimoliy Koreya tomonidan o‘rta masofaga ballistik raketa uchirilishi borasida telefon orqali muloqot qilishdi.
No Gyu Dok va Song Kim Shimoliy Koreyaning raketa uchirishini xalqaro hamjamiyatning Koreya yarimoroli muammosini diplomatik yo‘l bilan hal qilish harakatlari, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyalariga tahdid sifatida qoraladi.
“Janubiy Koreya va AQSh o‘rtasidagi mustahkam ittifoqqa asoslangan xavfsizlik pozitsiyasini saqlab qolishga va Shimoliy Koreya bilan muloqotni imkon qadar tezroq tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi”, deyiladi Janubiy Koreya TIV bayonotida.
Ayni paytda Funakosi bilan alohida suhbatda yarimoroldagi vaziyatni nazorat ostida ushlab turish maqsadida “yaqin aloqa va hamkorlik”ni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumki, yakshanba kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon noma’lum raketa uchirgani xabar qilingandi. Harbiy ekspertlar fikricha, u ballistik raketa bo‘lgan. Janubiy Koreya harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, raketa shimoliy Chagan viloyatidan uchirilgan bo‘lib, maksimal 2000 km balandlikda, 800 kilometr masofaga uchgan. Ushbu raketa uchirish KXDR tomonidan 2022 yilda qatorasiga yettinchi bo‘ldi.
2018 yilda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In AQSh prezidenti Donald Tramp bilan birinchi uchrashuvida Qit’alararo ballistik raketa uchirilishi va yadroviy sinovlardan voz kechishga va’da bergan edi.