Shirinqulov yaratgan formula barcha sohalarda keng qo‘llanilmoqda

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida “Akademik Toshpo‘lat Shirinqulov faoliyati va ilmiy ijodini o‘rganish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda taniqli mexanik olim, akademik, O‘zFA a’zosi, texnika fanlari doktori T.Shirinqulovning hayoti, ilmiy izlanishlari, matematika va mexanika sohasiga qo‘shgan munosib hissasi, boy ilmiy merosi professor-o‘qituvchilar va shogirdlari tomonidan yodga olindi.

- 1985 yilda o‘qishni tugatib, Samarqand arxitektura-qurilish instituti, keyinchalik 1993 yilda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Samarqand filialida ustoz bilan uzoq yillar birga ishladik, - deydi fizika-matematika fanlari doktori, professor Baxtiyor Xo‘jayorov. – Toshpo‘lat akadan ham ilmiy, ham insoniylik fazilatlarini o‘rgandim. U kishining ilmiy izlanishlari, yaratgan formula va matematik tenglamalari barcha sohalarda keng qo‘llanilgan. Ustoz deformatsiyalanuvchi asoslarda yotuvchi bino va inshootlar poydevorlarini hisoblashning yangi usullarini yaratgan olim sifatida tanilgan. Deformatsiyalanuvchi asos bilan qurilmaning o‘zaro ta’sirini o‘rganishda ularga mos keluvchi matematik modellarni tanlash juda muhim. Chunki tanlangan modelning qurilmalar va asosning haqiqiy ishlash sharoitiga mos kelish darajasi konstruksiyaning ishonchlilik, mustahkamlik va zilzilabardoshlik xususiyatlarini ta’minlaydi. Bu yo‘nalishda T.Shirinqulov shogirdlari bilan katta natijalarga erishdi.

T.Shirinqulovning ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlari 200 dan ortiq ilmiy maqolalarida, shuningdek, 5 ta monografiyada o‘z aksini topgan. Uning rahbarligida 33 ta fan nomzodi, 5 ta fan doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.