Azim Suyun orzu qilgan yo‘l

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Azim Suyun o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskan — Nakurt qishlog‘ini g‘oyat sevar va qadrlar edi. Uning go‘zal tabiati, oliyjanob va mard insonlari haqida ko‘plab she’rlar yozgan. U ona qishlog‘ining go‘zal, obod, yo‘llari ravon bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilardi. Chunonchi, o‘tgan asrning 90- yillarida Nakurt qishlog‘iga boradigan yo‘lni ta’mirlash, bir qismiga asfalt yotqizish yuzasidan soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga bir necha bor murojaat qilganiga shaxsan guvoh bo‘lganman.

O‘sha kezlarda Azim Suyun mamlakatimizdagi yetakchi matbuot nashri “O‘zbekiston ovozi” gazetasining bosh muharriri, Oliy Kengash deputati edi, binobarin, uning so‘zi inobatsiz qolmasdi. Viloyat hokimining topshirig‘iga ko‘ra, 18 kilometr uzunlikdagi qishloq yo‘lini ta’mirlash va asfalt yotqizish ishlari jadal boshlandi. Biroq viloyat hokimi ishdan olindi-yu, Nakurt yo‘lining qurilishi ham taqa-taq to‘xtadi.

Yo‘l har qanday maskan uchun muhim ahamiyatga ega. Yo‘li abgor manzilga mehmon ham og‘rinib boradi. Binobarin, Nakurtga Azim Suyunning ko‘plab do‘stlari, ustozlari — taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, ijodkorlar tashrif buyurishgan. Xususan, mashhur shoirlar, O‘zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning dilkash suhbatlari nakurtliklar xotirasida muhrlanib qolgan. Poytaxtda yashovchi shoir ona qishlog‘iga kelar ekan, har gal Nakurtning o‘ydim-chuqur yo‘lidan ozorlanib, ko‘ngli ranjib, aziz mehmonlar oldida xijolat tortib qaytardi. Mana shu noxush taassurot uni yana bir bor viloyat rahbari huzuriga yetakladi. Yangi rahbar ham yo‘lni tuzatish, uni dasturga kiritish yuzasidan quyuq va’dalar berdi. Biroq u ham hokimlik kursisida uzoq o‘tirmadi… Shu tariqa Nakurt yo‘liga baxt kulib boqmadi, shoirning barcha sa’y-harakatlari zoye ketdi.

Yaqinda do‘stlar bilan diydorlashish maqsadida Nakurtga bordim. "Marjonbuloq—Zarmitan" yo‘lidan shoirning qishlog‘i tomon burilar ekanman, yangi asfalt yotqizilgan, kaftdek tekis, oynaday ravon yo‘lni ko‘rib ko‘nglim yorishib ketdi. Axir, bu shoir Azim Suyun orzu qilgan yo‘l-ku!

Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lsozlarning nazari nihoyat Nakurtga ham yetib kelibdi. Samarqand viloyati hokimining farmoyishiga ko‘ra, byujetdan 1 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilibdi. Pay­ariq tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi jamoasi esa juda uzoq kutilgan ishni juda qisqa muddatda amalga oshirib, Nakurt yo‘lining asosiy qismini ta’mirdan chiqaribdi.

— Ob-havo soviy boshlagani sababli yo‘lning ozroq qismi chala qoldi, — dedi korxona bosh muhandisi Shuhrat Ro‘ziqulov. - Xudo xohlasa, birinchi imkon tug‘ilishi bilan uni ham poyoniga yetkazamiz.

Orzular bir kunmas bir kun amalga oshar ekan. Shoir Azim Suyunning ham orzusi ro‘yobga chiqdi, faqat buni shoirning o‘zi ko‘rmagani biz uchun armon, xolos.

Norbobo Shakarov,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.