Sho‘rakda yangi mahalla binosi qurildi

Kattaqo‘rg‘on tumani Sho‘rak mahallasi aholisi qo‘shaloq bayram kayfiyatida. Sababi, mustaqilligimizning 31 yillik shodiyonasi arafasida ushbu mahalla markazi yangi binoga ega bo‘ldi.

Mahalla markazining yangi binosi ochilishida tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov, sektor rahbarlari va mahalla ahli ishtirok etdi.

- Shu kungacha mahallamizdagi elektr ta’minoti korxonasi binosining bitta xonasida faoliyat olib borardik, - deydi mahalla raisi G‘afur Qo‘ldoshev. -  Bugun esa yangi zamonaviy binoga ega bo‘ldik. Bu yerda faoliyat olib borayotgan har bir xodimga alohida xona ajratilgan. Mahalla markaziga kelgan aholi ham yaratilgan sharoitdan mamnun bo‘lyapti. 

Yangi binoning ochilish marosimida so‘z olganlar mahalla ahlini kirib kelayotgan qutlug‘ bayram va topshirilgan yangi bino bilan qutladi. 

Xuddi shunday tadbirlar Payariq tumanida ham bo‘lib o‘tdi.  Tumandagi "O‘zbekiston", "Gulzor" va "Farovon" mahallalarining yangi binolari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, "Gulzor" va "Farovon" mahallalarida saxovatpesha insonlar ko‘magi bilan kam ta’minlangan ikki nafardan oila farzandlarining sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi.

Sulaymon Mardiyev.