Shpargalkadan foydalangan o‘quvchi olimpiadadan chetlatildi
Avval xabar qilganimizdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichi yakuniga yetdi.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha ikki kun davom etgan bellashuvda yoshlarning bilimi yozma ish va test sinovlari orqali aniqlandi.
– Olimpiadada 434 nafar yigit-qiz ishtirok etishi kerak edi, ammo ularning 10 nafari sinovlarda qatnashmadi, – deydi Xalq ta’lim vazirligi respublika ta’lim markazining attestatsiya va akkreditatsiya bo‘limi boshlig‘i, viloyat olimpiadasiga mas’ul Alijon Shomurodov. – Jumladan, bir nafar o‘quvchi shpargalkadan foydalangani uchun imtihondan chetlatilgan bo‘lsa, qolganlari sog‘lig‘i va boshqa sabablarga ko‘ra, sinovlarda ishtirok etishdan bosh tortdi. Olimpiadada ishtirok etmagan o‘quvchilar qayta imtihon topshirish huquqiga ega emas. Ta’kidlash o‘rinliki, sinovlar xolisona hamda shaffoflik bilan o‘tyapti va ularning natijalari shu kunning o‘zidayoq e’lon qilinmoqda.
O‘quvchilarning ishlari oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda o‘rta maxsus va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tajribali o‘qituvchilari tomonidan baholandi. Tanlov natijalariga ko‘ra, viloyatimizdan 45 nafar o‘quvchi yuqori ball to‘plab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Darvoqe, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilari bugun yozma ish topshirgan bo‘lsa, erta ular test sinovlarida qatnashadi. 9-sinf o‘quvchilarini 26-27 mart kunlari sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.