Shukronalik farovonlikka olib keladi

Darhaqiqat, shunday. Shukronalik tartibsizlikni qulaylikka aylantiradi, hayotdagi barcha tushunarsiz voqealarni anglab olishga imkon berib, ruhga tinchlik va osoyishtalik bag‘ishlaydi.

Haqiqatan baxtli ekanligingizni anglab olish uchun o‘z hayotingizga tashqi kuzatuvchi nigohi bilan qarab ko‘ring va sodir bo‘layotgan barcha yaxshi narsalarni –  mayda xursandchiliklar, yaqin do‘stlar, kichik g‘alaba va yutuqlarni qayd qilib boring.

Xohlagan narsangizga erishmagan bo‘lsangiz ham minnatdorchilik bildiring. Axir siz amalingiz oshmaslik sababini bilmaysiz-ku. Masalan, odamlar liftda yoki tirbandlikda qolib ketib keyinchalik qulab tushgan samolyotga kechikkani yoki singan oyog‘i tufayli tropik orolga borolmagani va ushbu orolda sunami sodir bo‘lgan holatlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak.

Shukronalik inson hayotiga o‘zi xohlagan narsalarni jalb qiladigan ijobiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Xo‘sh, shukronalik qilishni qanday o‘rganamiz? Bunda sizga eng oddiy maslahatlar yordam berishi mumkin:

uxlashdan oldin oilangiz, do‘stlaringiz, ob-havo, yangi noutbuk, hamkasbingizning hazili, mazali kechki ovqat, ertalab esa ko‘zingizni ochish va yangi kunni ko‘rish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirish kerakligini esdan chiqarmang;

minnatdorchilik izhor qilinishi mumkin bo‘lgan narsalarning ro‘yxatini tuzing va unga yangi maqsad va vazifalaringizni qo‘shib boring;

shukronalik stendini yarating, unga eng yaxshi do‘stlaringiz, dam olgan joylaringiz, tadbir va bayramlar, baxtli bo‘lgan onlaringiz fotosuratlarini iling;

topib olgan biror mayda narsa uchun ovoz chiqarib yoki xayolingizda tashakkur bildiring;

biror noxush holat ro‘y berganda, nima uchun bunday bo‘lgani to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring va ehtimol aynan shu holat sizni ro‘y berishi mumkin bo‘lgan boshqa balolardan asragani uchun tashakkur bildiring;

o‘zingizni o‘tmish xafagarchiligi va ko‘ngilsizliklar yukidan xalos eting. Dilingizga ozor berganlarni kechiring, ularni orqada qoldiring, aks holda sodir bo‘lgan noxushliklar yuki yelkangizga osilib, yangiliklarga xalaqit beradi va kelajagingizni to‘sib qo‘yadi.

ko‘pincha odamlar hatto farovonlik va baxtga erishish yo‘lini topganida ham, uni qo‘rquv va shubhalar bilan tirband qilib qo‘yishadi, shu sabab, unga kira olmaydi. Diqqat-e’tiboringizni yangi kunga jamlang va sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan hamma narsaga imkon bering. Shukr qiling. Shukronalik balolardan asraydi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.