Sifati kafolatlanmagan dorilar yo‘q qilindi
Samarqand xalqaro aeroportiga “Istambul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro N.U. “qizil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida, bagaj sumkasida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va sifati kafolatlanmagan qiymati 71,3 mln. so‘mlik dori vositalarini yashirib o‘tayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari Davlat reyestriga kiritilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan va saqlash sharoitlariga amal qilinmagan. Shu sababli ushbu dori vositalarini mamlakatimiz hududida tashish, sotish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlangan.
Sudning qarori bilan huquqbuzar N.U. nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan dori vositalari tegishli tartibda yo‘q qilindi.