Sifatsiz qurilishning jarimasi 850 ming so‘m

Bir hamkasbimiz ne-ne yaxshi niyatlar bilan nihoyat uy olish imkoni tug‘ilganda juda xursand bo‘lgandi, ammo qurilish davomida murojaat etmagan tashkiloti qolmadi. Uyning qurilishi jarayonida bino uchun sifatsiz qurilish ashyolari ishlatilayotganiga guvoh bo‘ldi. Bu haqda qurilish tashkiloti rahbari bilan uchrashib, arzini aytdi. "Hammasi yaxshi bo‘ladi", deya arzchini yaxshi gaplar bilan kuzatib qolgan rahbar o‘z bilganidan qolmadi. Uy egasining ketma-ket shikoyatlaridan so‘ng "Bilganingni qilmaysanmi! Qayerga shikoyat qilsang qilaver!" qabilida qo‘pol gap bilan jo‘natib yubordi. «Qurilish tashkiloti rahbari nega bunchalik o‘ziga ishonyapti», degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. 
Yaqinda ta’lim muassasalari qurilishi, kapital rekonstruksiyasi mavzusi yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Unda ham jurnalistlardan ta’lim muassasalari qurilishidagi nosozliklar yuzasidan qator savollar kelib tushdi. 

– Haqiqatan ham, ta’lim muassasalarining sifatsiz qurilishidan eng ko‘p ziyonni o‘zimiz ko‘ramiz, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev. – Misol uchun, o‘tgan yili viloyat miqyosida 78 ta umumta’lim maktabida 66 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari 64 ta quruvchi-pudratchi tashkilotlar tomonidan olib borildi. Ushbu ob’yektlarni sifatli qilib foydalanishga topshirgan tashkilotlar talaygina. Ammo ular orasida o‘z vaqtida topshirilmagan ob’yektlar ham bor. Misol uchun, Qo‘shrabot tumanidagi 20, 59-sonli, Urgut tumanidagi 17-sonli maktablar shular jumlasidandir. 

Ta’lim muassasalarining sifatli qurilishini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan tanqidiy ruhdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Qurilish sifatini nazorat qilish faqat injiniring kompaniyasi, davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasi, foydalanuvchi tashkilotlar yoki davlat qabul hay’ati komissiya a’zolari tomonidangina amalga oshirilmaydi. Keng jamoatchilik, shu jumladan, mahalla oqsoqoli, o‘qituvchilar, o‘quvchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat jamoatchilik komissiyasi tashkil etiladi va ular qurilish jarayonidan xabardor bo‘lishga haqlidirlar. 

Brifing davomida ota-onalar, keng jamoatchilik tomonidan Samarqand tumanidagi maktablardan biridagi sifatsiz qurilish yuzasidan murojaat qilinmagan tashkilot qolmagani, ammo murojaat natijasiz ekani xususidagi savol ham ochiq qoldi. Yuqorida misol tariqasida keltirilgan qurilish tashkiloti rahbarining o‘ziga ishongan holda "Qayerga murojaat qilsang ham qo‘lingdan hech nima kelmaydi!" qabilidagi javobi-yu, ota-onalarning sifatsiz maktab qurilgani haqidagi murojaatining ochiq qolayotganida o‘xshashlik borday. 
Bu shubhaga javobni viloyat davlat arxitektura kurilish nazorati inspeksiyasi veb-saytidan topdik. Unda aytilishicha, inspeksiya tomonidan tekshirish natijalari bo‘yicha "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning 99-moddasiga asosan ta’sir choralar qo‘llaniladi. Masalaga aniqlik kiritish uchun shu moddani to‘liq keltirib o‘tishni joiz deb topdik. 

Ushbu moddaga ko‘ra loyihalash, qurilish-montaj ishlarini bajarish talablarini, binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqarishda texnik reglamentlar talablarini buzish, shuningdek, davlat arxitektura-qurilish nazorati organlarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslik:
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qurilishi tugallangan binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilish qoidalarini, aholi punktlarini va aholi punktlariaro hududni rejalashtirish va qurish bosh rejalarini, loyihalarini, tarixiy imoratlar joylashgan tumanlarni rekonstruksiya qilish rejalarini, dahalarni, mavzelarni va shaharlarning sanoat zonalarini, qishloq aholi punktlarini qurish va obodonlashtirish sifatini, shuningdek, binolar va inshootlarning arxitektura yechimlarini buzish:
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xo‘sh, shu paytgacha qancha quruvchi bunday javobgarlikka tortilgan ekan?

– 2017 yil davomida qurilishi uchun ruxsat berilgan ob’yektlar soni viloyat miqyosida 2 ming 899 tani tashkil etsa, ularning 2 ming 723 tasida tekshirishlar olib borilgan, – deydi viloyat davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Shokir Ilmuratov. – Ushbu ob’yektlarning 1 ming 516 tasiga ijrosi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Shundan 1 ming 322 tasi pudratchilarga, 166 tasi esa buyurtmachi tashkilotlarga berilgan. Qurilishda ishlatilgan 622 million so‘mlik sifatsiz xomashyo ish hajmidan chiqarib tashlanishiga erishilgan. 44 ta pudratchi tashkilot ma’muriy javobgarlik ko‘rilishi uchun sudga berilgan. Qurilish me’yorlari talablarini buzganligi uchun to‘xtatilgan ob’yektlar soni yettitani tashkil etib, ular qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu inspeksiyada o‘n bir nafar inspektor faoliyat ko‘rsatadi. Bu ularning har biri kamida 300 ta ob’yektni nazorat qilish kerak, degani. Bir yilda necha kun borligini hammamiz bilamiz. Inspektor o‘zi istagan taqdirda ham ularning barchasini kerakli darajada nazorat qila olmaydi. Bunga vaqti ham, imkoniyati ham yetmaydi. To‘g‘ri, buyurtmachi tashkilotlarning ham texnik inspektorlari bor. Qolaversa, yuqorida aytilgan jamoatchilik nazorati qurilayotgan ob’yektning loyihasi, qanday xomashyo ishlatilishi lozimligidan xabardor bo‘lib, o‘z vaqtida tegishli idoraga murojaat qilishi mumkin. Ammo o‘z bilganidan qolmagan qurilish tashkiloti oxir-oqibat sud idorasiga boradi-yu, eng kam ish haqining besh baravari miqdoridagi jarimani to‘lab, keyingi yili ukasining nomiga yangi tashkilot ochib, yana shu tarzda ishini davom ettiraveradi-da. Katta bir binoning qurilishida xatolikka yo‘l qo‘ygan qurilish tashkiloti xatosi uchun bor-yo‘g‘i bir million so‘mga ham yetmaydigan jarima to‘lashi to‘g‘rimi? Ehtimol, «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks»ning shu moddasiga jiddiy o‘zgartirish kiritish vaqti kelgandir.

Yana bir gap. Hali biror marta buyurtmachilar ob’yektning sifatsiz qurilgani yo ta’mirlangani haqida na gazetada, na televideniyeda chiqish qilganini eshitmaganmiz. Ommaviy axborot vositalarida bu haqda chiqish qilinishi, qurilish tashkilotining mas’uliyatsiz munosabatini oshkor etishi, avvalo, uning manfaati uchun xizmat qilmaydimi? 

Gulruh MO‘MINOVA,
"Zarafshon" muxbiri.