Sim-karta rasmiylashtirishdagi xatolik jinoyatga yo‘l ochadi

Samarqand shahrida mobil aloqa operatorlari uchun tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, xavfsizlikni ta’minlash, yangi tartib-qoidalar targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi, davlat aloqa nazorati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda mobil aloqa tizimida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda so‘nggi paytlarda axborot texnologiyalari va internet tarmog‘idan foydalanuvchilar safi kengayib borayotgani, ammo bu borada yaratib berilayotgan imkoniyatlardan noto‘g‘ri maqsadda foydalanayotganlar ham uchrab turishi ta’kidlandi.

- Birgina "GSM-shlyuz" zamonaviy mobil aloqa vositasidan turli xil maqsadlarda foydalanish mumkin, - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Eshnazarov. - Mazkur qurilma orqali ayrim uddaburon "tadbirkorlar" tomonidan noqonuniy xalqaro so‘zlashuvlar tashkillashtirilgani natijasida "O‘ztelekom" kompaniyasining daromadlari yiliga o‘rtacha 20 million AQSh dollariga kamayganini kuzatish mumkin. Asosiysi, bu kabi aloqalardan diniy ekstremizm, terrorizm va boshqa xavfli guruh vakillarining foydalanish holatlari mavjudligi xatarlidir.

Yaqinda viloyatimizdagi mavjud mobil aloqa operatorlari faoliyati maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda sim-kartalarni fuqarolar nomiga rasmiylashtirishdagi 150 ta turli xil kamchiliklar aniqlangan. Ularga nisbatan zarur choralar ko‘rilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.

Ayrim tadbirkorlarning e’tiborsizligi, o‘z ishiga mas’uliyatsizligi bois yo‘l qo‘yilgan xatolar turli xil jinoyatlarning sodir bo‘lishiga, qolaversa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tezkor qidiruv tadbirlarida bir qator muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, davra suhbatida ishtirokchilarga sohadagi yangiliklar haqida tushuncha berildi. Samarqandga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlarga maxsus shartnoma asosida sim-karta rasmiylashtirish tartiblari tushuntirildi.

To‘lqin SIDDIQOV.