Simyog‘och bilan suhbat
- Necha yoshga kirdingiz?
- Esimda yo‘q.
- Ahvolingiz ayanchli bo‘lib qolibdi. Kim bu ko‘yga soldi?
- Kim dema, xafa bo‘lishadi. Meni yillar shu ko‘yga soldi. Qahraton qishlar, jazirama issiqlar...
- Sabringizga tasanno. Bir oyog‘ingizdan ayrilibsiz. Lekin mag‘lub bo‘lishni istamagan askarday xizmatda sobit turibsiz...
- E, men ichimdan ado bo‘lganman. Meni simlar emas, Samarqand viloyati hokimligi tashkil etgan Jamoatchilik nazorati guruhidan kimdir kelib hol so‘raydi, voqif bo‘lgach, mutasaddi tashkilotlarga aytadi, ular o‘rganib, o‘nlab kilometrda bir-birimizga qo‘l cho‘zib o‘tirgan sheriklarim qatori oppoq betonli, choynaklari ko‘rkam simyog‘ochlar bilan almashtiradi, degan umid ushlab turibdi. Biz ko‘p kasal bo‘lyapmiz. Bir kun men, boshqa kuni yana birimiz mayib bo‘lib qolyapmiz. “Doktorlar” kelib tuzatib qo‘yguncha odamlar qorong‘uda o‘tirishiga to‘g‘ri kelyapti. Tilini tiyolmagani kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlayapti... Qo‘y, yana ozroq gapirsam to‘kilib ketaman. Yaxshisi, sen borib holimni bayon qil...
Suhbat 2019 yil 24 yanvar kuni Payariq tumani Nakurt mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi.
Asliddin MUSTAFOYeV.