Sinfxonada pirotexnika vositasini portlatgan o‘quvchining ota-onasiga jarima qo‘llanildi

Ijtimoiy tarmoqlarda sinfda o‘qituvchisining oldida pirotexnika vositasini portlatgan o‘quvchining tasviri aks etgan video tarqaldi. Xalq ta’limi vazirligi holatga izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, sinfda pirotexnika vositasini portlatgan o‘quvchi Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinfida tahsil olishi ma’lum bo‘ldi.

Hodisa ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

Maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi birinchi navbat to‘rtinchi soatdan keyingi tanaffus paytida maktabning 11-sinf o‘quvchilarining tinchligini saqlash maqsadida xonaga kirgan, o‘quvchilarni tartibga chaqirib, shu sinf o‘quvchisi J.Sh.ga xonadagi parta stullarni to‘g‘rilashni buyurgan. J.Sh. o‘qituvchining tanbehidan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, pirotexnika vositasini yoqib yuborgan. Ushbu holatni shu sinf o‘quvchilari A.Q. va N.S.lar videoga olib, o‘zining tik-tokdagi shaxsiy profiliga joylagan.

Voqea yuzasidan shu kunning o‘zidayoq jamoatchilik va huquq-tartibot organ xodimlari hamkorligida o‘rganish ishlari olib borilib, o‘quvchilarning ota-onalariga MJtKning 47-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb hisoblanib, bazaviy hisoblashning 2 baravari miqdorida, ya’ni 446 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.

O‘quvchilar bir yil muddatga tuman IIBda profilaktik ishlari olib borish uchun ro‘yxatga olindi.

O‘quvchilarga maktabning tajribali pedagog xodimlaridan murabbiy biriktirilib, ularning ta’lim-tarbiyasini nazoratga olish hamda qiziqishiga ko‘ra, to‘garakka jalb qilish to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelingan.

Kelgusida maktab ma’muriyati hamda pedagoglar jamoasi o‘rtasida bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va o‘quvchilar, o‘qituvchilar tartib-intizomini qattiq nazoratga olish, MFY profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

Xalq ta’limi vazirligi bu kabi holatlar ayanchli oqibatlarga olib kelmasligi uchun ota-onalardan farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan qarashga chaqiradi.