Sirli yerosti tunnellari
Peruning janubiy qismida joylashgan Naska yassi tog‘lari sirli va jumboqlar ishqibozlari uchun chinakam makon. Faqat osmondan ko‘rinadigan ulkan rasmlar, nima uchunligini tushunib bo‘lmaydigan spiralsimon yer teshiklari..? Turgan-bitgani sir.
Rasmlarning ahamiyati va ulardan amalda foydalanish haqida olimlar hamon bosh qotirishayotgan bo‘lishsa, spiralsimon teshiklar jumbog‘i yaqinda aniqlandi. Haqiqatni tan olib taxmin qiladigan bo‘lsak, yerdagi har qanday “o‘yiq” - suv qudug‘i. Xo‘sh, unda suv qani? Yana buning ustiga Naska yassi tog‘liklarida quduqlar joylashuvi juda g‘alati. Ulardan ayrimlari yonma-yon va ularning shakli odatdagi suv ta’minot manbaiga sira o‘xshamaydi.
Va, nihoyat, yer sun’iy yo‘ldoshlari orqali olingan suratlar, joylarda sinchiklab olib borilgan tadqiqotlar natijasida olimlar shunday xulosaga keldilar: bu quduqlar suv ta’minotiga aloqador. Ammo bu bir qarashda shunday oddiy tuyulsa-da o‘ta murakkab tilsim.
Shu o‘rinda bir daqiqaga ortga chekinib, aholi gavjum shaharlarda bir-biriga ulangan kub/kilometrli yerostidagi metro tunnellarini tasavvur qilaylik: ularda stansiyalar yuqorisiga olib chiquvchi juda ko‘p havo quduqlari mavjud. Bular stansiyalarda va yerosti yo‘llarida havo bosimini me’yorida ushlab, havoni almashlab turadi.
Naska sirli quduqlari ham, aniqlanishicha, shu prinsipda, metro quduqlari singari ishlaydi. Gap shundaki, Peruda chuqur yerostida murakkab yerosti yo‘llari mavjud bo‘lib, ular o‘zaro bog‘langan. Yozma manbalarda keltirilishicha, qadimgi quruvchilar noyob muhandislik qobiliyatiga ega bo‘lishgan. Ular qudratli irrigatsiya tizimi yordamida o‘zlari yashayotgan shahar va qo‘rg‘onlarni qayerda joylashganligidan qat’iy nazar, ham tayyor tabiiy g‘orlar, ham murakkab sun’iy yerosti yo‘llari orqali suv bilan ta’minlaganlar.
Spiral ko‘rinishdagi g‘alati quduqlar esa o‘sha yo‘llarga texnik xizmat ko‘rsatish, suv uzatish uchun zarur bosim hosil qilish maqsadida barpo etilgan.
Hozirda bu tizim ishlamaydi, ammo yaroqsizligi uchun emas. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, qadimgi suv ta’minoti tizimi shunchalik yuksak mahorat bilan qurilganki, buzilishi ham, to‘xtab qolishi ham mumkin emas. Aytganday, mahalliy aholi vaqti-vaqti bilan yerosti suv yo‘lini tozalash va ishchi holatida saqlash uchun tunnellarga tushib turishgan, ammo bu jarayonni sir saqlashgan.
Qiziq, bunday murakkab loyihani amalga oshirish uchun noyob muhandislik ko‘nikmasi, geologiya va gidrologiya sohasida chuqur bilim, eng muhimi, mamlakat hududida tektonik yoriqlar, yerosti suvlari joylashgan xaritani mukammal bilish talab etiladi. Bunday xarita esa hatto hozirgi Peruda ham yo‘q. Bunga yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, bunday murakkab ishlarni bajarish uchun undan-da murakkab texnikalar kerak bo‘ladi. Ammo olimlar Kolumb davrigacha bo‘lgan zamonda noyob irrigatsiya tizimi kim va nima yordamida qurilganini hozircha bilishmayapti.
T.Shomurodov tayyorladi.