Sirli raqam

13 raqamiga yevropaliklar har xil qarashadi: ko‘pchilik uni baxtsizlik ramzi deb biladi.

13 raqami bilan irim qachon paydo bo‘lgan aniq emas. Faqat uni qora kuchlar bilan bog‘liqligi ta’kidlanadi. Yana 13 raqami “o‘lim”ni bildirarkan. Ammo uni yaxshilik alomati deb biluvchilar ham bor. Bu borada bir hodisa diqqatni tortadi.

Afsonaviy miltiq ixtirochisining beva kelini Sara Vinchester o‘z uyini qurishda atayin 13 raqamidan foydalangan. Gap shundaki, allaqanday karomatgo‘y qisqa muddatda eri va farzandidan ayrilgan ayolga uning oilasini arvohlar ta’qib qilayotganini xabar qiladi. Marhumlar Vinchesterda otib o‘ldirilgandi. Karomatgo‘yning aytishicha, beva qolgan ayol eri va farzandi xotirasiga atab maxsus uy qursa tavqi la’natdan xalos bo‘larmish.

1884 yilda Sara Kaliforniyaning San-Xose shahriga ko‘chib keladi va u yerda keyinchalik “Vinchesterlar uyi” nomi bilan mashhur bo‘lgan qarorgoh quradi. Uyni o‘z didiga moslab jihozlaydi. Unda 13 dushxona quriladi, barcha zinalar 13 pog‘onalik. Xonalar derazalari, ularning ko‘zlari 13 tadan edi. “Arvohlar uchun” uyga marhum eridan meros qolgan butun boyligi sarflanadi. Sara Vinchester 1922 yilda 85 yoshida vafot etadi. Uning qoldirgan vasiyatnomasi 13 bo‘lim, 13 imzodan iborat edi.

Uning qarorgohi bugungi kunda muzeyga aylantirilgan.

T.Shomurodov tayyorladi.