Siyosiy sharh: Dunyoni qaritgan 100 yil
Bugun ko‘hna dunyoni yangi-yangi ziddiyatlar o‘z domiga tortib bormoqda. Biroq endigi kurash avvalgidek ochiqchasiga kechmay, goh pinhona, goh ayyorona tarzda davom etmoqda.
Azaliy kurash
XX asrda jahonni qamrab olgan, sotsialistik lager va kapitalistik dunyo o‘rtasida kechgan ayovsiz “olovli” hamda “sovuq urush” janglari yuz yillik oxiriga kelib kommunistik g‘oyalarning tarix chiqindixonasiga uloqtirilishi bilan poyoniga yetdi deb o‘ylagandik. Afsuski, XXI asr boshlanishi bilan tarix janggohlaridagi kurashlar yangi shakl va mazmunda yana avj oldi. Endi undagi kurash kommunistik va kapitalistik tuzum orasida emas, balki demokratiya bilan avtokratiya o‘rtasida kechmoqda.
Aslida, yangilik bilan eskilik orasidagi bahs va tortishuvlar azaldan bo‘lib kelgan. Buni G‘arbda liberallar bilan konservatorlar orasidagi kelishmovchiliklar sifatida qayd etishsa, bizning Sharq mamlakatlarida jadidlar hamda qadimlar munozarasi misolida ko‘rishimiz mumkin. Rossiyada esa yevropaparastlar bilan slavyanofillar o‘rtasidagi tortishuvlar hanuzgacha davom etib kelmoqda.
Bunday kelishmovchiliklardan dunyodagi demokratiya shamchirog‘i sanalmish Amerika Qo‘shma Shtatlaridek ilg‘or mamlakat ham mustasno emas. Shu yil boshida u yerda sodir bo‘lgan voqealar avtoritar prezident bo‘lishga intilgan Donald Trampning qayta saylanish haqidagi xomxayolini batamom chippakka chiqardi. Chunki ma’lum sabablarga ko‘ra, AQSh prezidenti mutlaq hukmdor bo‘la olmaydi. Amerikada kongress hamda sud tizimi batamom mustaqil bo‘lib, janob prezidentlarning popugini pasaytirib qo‘yish iqtidoriga ega. Ammo jahonning hamma mamlakatlarida ham shunday deb bo‘lmaydi. Ayrim prezidentlar xokimiyatni mutlaq o‘z qo‘llariga oladilar va bu borada katta xatolarga yo‘l qo‘yadilar.
Odamni hukmiravonlik buzadi, mutlaq hukmiravonlik uni mutlaqo aynitadi. Shu bois ham rivojlangan demokratik mamlakatlarda davlat boshliqlarining amal muddatlari konstitutsiya asosida qat’iy cheklab qo‘yilgan. U yerlarda hokimiyat qonuniy yo‘l bilan almashinib turadi. Avtokratik tuzumlarda esa almashinish qonuniy usul bilan bo‘lmaganligi bois kutilmagan tarzda amalga oshadi. Davlat boshlig‘i yo tabiiy tarzda foniy dunyoni tark etadi yoki bo‘lmasa, davlat to‘ntarishi orqali taxtidan tushiriladi. Bunga tarixdan istagancha misollar keltirish mumkin.
“Gibrid urush” frontlarida
Yuqorida aytganimizdek, bugun ko‘hna dunyoni yangi-yangi ziddiyatlar o‘z domiga tortib bormoqda. Biroq endigi kurash avvalgidek ochiqchasiga kechmay, goh pinhona, goh ayyorona tarzda davom etmoqda. Aytaylik, kechagina boshimizga beqiyos katta tashvishlar keltirgan koronavirus pandemiyasini olib ko‘raylik. Ushbu kasallik hozirda dunyo afkor ommasiga bir nechta javobsiz savollarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda: “COVID-19” tabiiy epidemiya edimi yoki sun’iy yaratilgan kasallikmi? Nega bir milliarddan ziyod odam yashaydigan Xitoyda kasallanganlar soni 100 mingga ham yetmadi? Nega Xitoy ma’murlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillarini Uxandagi biolaboratoriyalariga kiritmadilar? Nega Xitoyda sud jurnalist Chjan Chjanni virus epidemiyasi haqida birinchi bo‘lib xabar berganligi uchun to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi?
“The Wall Street Journal” gazetasining yozishicha, Xitoy JSSTning Uxan shahrida joylashgan mutaxassislariga koronavirus infeksiyasining dastlabki holatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etishdan ham bosh tortgan. Nega? Xullas, savollar ko‘p – javob yo‘q.
Yoki bo‘lmasa, Rossiya, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya singari davlatlarning G‘arb mamlakatlari saylov tadbirlariga, demokratik institutlarning faoliyatiga kibernetik-informatsion aralashuvlarini olib ko‘raylik. To‘g‘ri, jahon davlatlari o‘rtasida axborot urushi azaldan bo‘lib kelgan. Ammo ichki ishlarga ochiqchasiga, qitmirona aralashuv – bu endi yangicha kurash usuli bo‘lib, yangi-yangi kelishmovchiliklarni paydo qilmoqda. Ayniqsa, bu borada zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish keng urf bo‘lib borayotir.
Masalan, amerikaliklar Donald Trampning hokimiyat tepasiga kelishida Kremlning qo‘li borligi haqida gumon qilishmoqda. AQShning yangi prezidenti Jo Bayden Moskvani G‘arb demokratik qadriyatlariga qarshi qo‘poruvchilik faoliyati uchun ayblamoqda. Haqiqatan ham, rossiyalik ma’murlar “sovuq urush”dagi mag‘lubiyatlari uchun G‘arb dunyosidan revansh olish borasida anchagina nomaqbul qadamlar qo‘yayotgani bugungi kunda sir bo‘lmay qoldi. Mamlakatda va xorijdagi muxolifat vakillarining jismonan yo‘q qilinayotganligi, o‘zgacha fikrlaydigan kishilarning quvg‘in qilinib, jazoga tortilayotganligi ham shular jumlasidandir.
Yangi Rossiyaning ko‘zga ko‘ringan siyosiy arbobi Boris Nemsov 2015 yilda Kreml devorlari yonida otib o‘ldirilgan edi. Bugungi kunlarda korrupsiyaga ochiqdan-ochiq qarshi chiqayotgan muxolif Aleksey Navalniyni esa zaharlab yo‘q qilishga erisholmagan ma’murlar soxta ayblov bilan uni uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etishga muvaffaq bo‘lishdi. Nafsilamrini aytganda, Navalniy ham risoladagidek siyosatchi bo‘lmay, rus shovinizmining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biridir. Shu bois ham inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro ”Emnist Interneyshnl” tashkiloti uni “vijdon tutquni” deb tan olishdan bosh tortdi. Chunki Navalniy nolinchi yillar boshida millatchi guruhlarga qo‘shilib, o‘zining shovinistik ko‘zqarashlari bilan tanilgandi.
Boshi berk ko‘cha
Gap Rossiya haqida ketar ekan, prezident Putin xuddi ertaklardagiday chorrahaga kirib qolgan. Tarixdan yaxshi ma’lumki, g‘arbona demokratik boshqaruv usuli rus davlatchiligi uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Nega desangiz, Rossiya an’anaviy imperiya shaklidagi mamlakat bo‘lib, liberal islohotlar davlatning parchalanib ketishiga olib kelish ehtimoli yuqori. Masalan, XX asr boshlarida sodir bo‘lgan inqiloblar natijasida imperiya Polsha, Finlyandiya, Bessarabiya, G‘arbiy Ukraina, G‘arbiy Belarus, Boltiqbo‘yi singari hududlarini yo‘qotgandi. Mixail Sergeyevich Gorbachyovning demokratik islohotlaridan keyin qizil imperiya yana o‘n besh qismga bo‘linib ketdi va sobiq ittifoqchi respublikalar to‘laqonli mustaqil davlatlarga aylanishdi. Demak, Rossiya uchun demokratiya tomon olib boradigan yo‘l xatarli. Rossiyani Soljenitsin va Jirinovskiy taklif qilgandek yagona unitar davlatga aylantirish ham dargumon. Chunki u yerda yuzdan ortiq millat va elatlar yashaydi. Ular o‘zlarining milliy o‘zliklaridan, tillaridan, dinlaridan aslo voz kechmaydilar. Shu bois Vladimir Putin davlatni hozirgi shaklda saqlagan holda, uni kengaytira borish siyosatini yurgizmoqda. Tevarak-atrofdagi qo‘shnilar hududlarini zimdan egallay borish orqali rus dunyosini kengaytirish rejasi amalga oshirilmoqda.
Shu ma’noda Putinning ayrim qo‘shni davlatlar sobiq SSSRdan hududlarini kengaytirib chiqib ketishgani haqidagi iddaosi barchani sergaklantirib qo‘ydi. Bu yo‘l esa tamoman borsa kelmas yo‘l bo‘lishi ham mumkin. Bunda sobiq imperiya metropoliyasi oxirgi ittifoqchilaridan ham ayrilib, tamoman yakkalanib qolishi ehtimoli katta. G‘arbning sanksiyalari natijasida shundoq ham izolyasiyaga tushib qolgan mamlakat uchun bu yo‘l mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Bizning fikrimizcha, Rossiya katta og‘alik kayfiyatidan voz kechib, barcha qo‘shni davlatlar bilan teng huquqli, do‘stona hamkorlik yo‘liga kirishi lozim. Bunda buyuk davlatchilik shovinizmi ruhidagi siyosat yurgizish faqat teskari natija berishi mumkin, xolos. Ukraina bilan bo‘lgan munosabatlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bir vaqtlar qon-qardosh, og‘a-iniday bo‘lgan ikki xalq orasidagi do‘stlik ko‘prigi qulab, uning o‘rnida paydo bo‘lgan jarlik bugun tobora chuqurlashib bormoqda.
Boylar ham yig‘laydi
Keyingi vaqtlarda Moskva G‘arb liberal demokratik tizimlarining tanazzuli haqidagi gaplarni tobora keng ommaviylashtirib, bunga Amerikada konservativ kayfiyatlarning kuchayib borayotganligi, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishi, Ispaniyada ayirmachi kuchlarning bosh ko‘tarayotganligi, Germaniyada millatchilarning ko‘payayotganini misol qilib ko‘rsatmoqda. Darhaqiqat, bularning barchasi bugungi kunlardagi real voqelikdir. Masalan, AQShda shu yil boshida sodir bo‘lgan voqealarga to‘xtaladigan bo‘lsak, kongressdagi demokratik partiya vakillarining sobiq prezident Donald Trampga impichment (vazifasiga noloyiq deb topish) borasidagi ikkinchi urinishlari ham natijasiz tugadi. Kongress a’zolarining uchdan ikki qismi ovozini to‘play olmagach, Trampni siyosiy maydondan haydab chiqarish rejasi tamoman chipakka chiqdi. Bu bilan kongressmenlar 2024 yilda bo‘lajak prezidentlik saylovlariga qatnashishi uchun unga yana bir imkoniyat yaratib berishdi. Ammo bu yo‘lda Tramp bir nechta siyosiy chig‘iriqlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida mag‘lubiyat alamini totgan respublikachilar partiyasi hozir inqiroz davrini boshidan kechirmoqda. Nega desangiz, ko‘proq konservativ g‘oyalarni ilgari suruvchi bu tashkilot ikki katta guruh – mo‘’tadil hamda radikal, – bir-biriga qarshi tomonlarga bo‘linib ketishi ehtimoli kuchaymoqda. Aytaylik, shu yil boshida Oq uyga bostirib kirgan Tramp tarafdorlarining asosiy qismi radikal kayfiyatdagi respublikachilar bo‘lgani bugungi kunda aniq bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, AQSh konstitutsiyasi fuqarolarning hukumatga qarshi namoyishlarga chiqish erkinligini cheklamaydi. Biroq qurollangan odamlarning hukumat binosiga eshiklarni sindirib bostirib kirishi, buning ustiga politsiyachilar va xavfsizlik kuchlariga qarshi jismoniy zo‘ravonlik qilishi jinoyat kodeksining moddalari asosida qattiq jazolanadi. Agar ularni rasmiy hukumatga qarshi Tramp gij-gijlagani aniq dalillar bilan isbotlansa, sobiq prezidentning ham jinoiy javobgarlikka tortilishi aniq gap.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Vladimir Putin jahonda vujudga kelgan bugungi vaziyatni o‘tgan asrning 30-yillaridagi holatga o‘xshatdi. Haqiqatan ham, ayrim belgilari bilan bugungi dunyo Ikkinchi jahon urushi arafasidagi manzarani eslatadi. O‘shanda ham Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lgan german millatchilari dunyoda kechayotgan og‘ir iqtisodiy inqiroz natijasida hokimiyat tepasiga kelishgandi.
Ular nemis xalqining shovinistik hissiyotlarini alangalatib, ommani o‘z agressiv g‘oyalari atrofiga birlashtirgan edi. Germaniya qattiq siyosiy rejim bosimi ostida qisqa vaqt ichida oyoqqa turib, Yevropadagi kuchli davlatlardan biriga aylandi. Muvaffaqiyatlardan ilhomlangan Adolf Gitler qo‘shni mamlakatlar hududlariga ko‘z olaytira boshladi. Avstriya va Chexoslovakiyaning bir qismi Germaniyaga qo‘shib olindi. Gitlerning vajohatidan cho‘chigan G‘arb mamlakatlari rahbarlari hamda Stalin u bilan murosa-madora qilish yo‘liga o‘tishdi. Ammo yovuz niyatli gitlerchilar oxiri dunyoni urush girdobiga tortishdi. Buyuk Britaniyaning o‘sha davrdagi bosh vaziri Uinston Cherchill aytganidek, urushdan qo‘rqib, sharmandalik yo‘lini tanlagan liberal dunyo ham sharmandalik, ham urushga yuzma-yuz bo‘ldi. Bugun ayrim siyosatchilar “sovuq urush”dagi mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lib, g‘oliblardan achchiq qasos olishga tirishmoqda. Bu borada qo‘llaridagi mavjud barcha vositalarni ishga solishmoqda. Shu bois bo‘lsa kerak, dunyoda siyosiy vaziyat tobora taranglashib borayotir. Faqat farq shundaki, endigi urush jangovar qurol-aslahalar bilan emas, balki makkorona gibrid usulda olib borilmoqda.
Xudoyberdi Komilov,
“Zarafshon”ning siyosiy sharhlovchisi.