Siyosiy sharh: Oy ostidagi uy

Harbiy xizmatni Qozog‘iston Respublikasida o‘taganman. Bronetank diviziyamiz vaqt-vaqti bilan harbiy mashq o‘tkazish uchun cho‘lda joylashgan poligonga chiqib turardi. Ana shunda bir qiziq tabiat hodisasiga guvoh bo‘lganman...
Yozning jaziramasida olis-olislardan ko‘m-ko‘k suv to‘la ko‘l namoyon bo‘lardi. Unga endi yaqin borganimizda, birdan g‘oyib bo‘lib qolardi. Bu kitoblarda o‘qiganimiz sarob bo‘lib, atmosferadagi harorat o‘zgarishi bilan bog‘liq ko‘zni aldaydigan oddiy fizik hodisa edi. Buni eslaganimning boisi shuki, hodisa nafaqat tabiat, balki jamiyat hayotida ham uchrab turadi. Kishi ko‘ziga olisda mavjlanib turgan hayotbaxsh suv ko‘rinib, ayni yaqinlashgan chog‘ingizda, uning aldamchi sarob ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi.
Insoniyat ham o‘z tarixi davomida abadiy saltanatlar, ming yillik imperiyalar, yoxud kommunizmning jannat bog‘lari kabi "sarob"lar sari intilib, oxiri quruq qo‘l bilan qolganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bunda rahnamo bo‘lgan Iskandar, Chingizxon, Stalin, Gitler va ularning keyinchalik yetishib chiqqan shogirdlari singari jahongirlar ham oxiri nima bilan tugaganlari hammaga ma’lum. Tarixni yaxshi muallim deydilar. Ammo odamzod farzandlari uning saboqlarini tez unutib yuboradi.
Bugun XXI asrda ham ko‘zga yolg‘ondan ko‘rinadigan, soxta manzillar sari intilayotgan darg‘alar kam emas. Ular bu yo‘lda yana million-millionlab odamlarning yostig‘ini quritishga tayyor. Chunki bu jangu jadallarda na ularning o‘zi, na bolalari ishtirok etmaydi, balki o‘tgan asrning boshlarida ishchi-dehqon qizil armiyasida bo‘lganidek, urush qiymalagichiga oddiy fuqarolar tashlanadi. Ular goh darg‘a uchun, gohida soxta g‘oyalar uchun, hozirgi kunlarda esa shunchaki, katta pul uchun urush o‘chog‘iga kirmoqda. Bularning barchasi yuqorida aytganimizdek, katta sarob - dunyo egaligini qo‘lga kiritish uchun qilinmoqda. Bir tomondan Rossiya, Xitoy boshchiligidagi Sharq darg‘alari AQSh va Yevropa bilan katta raqobatga chog‘lanmoqda.
Qizig‘i shundaki, aynan ana shu mamlakatlar G‘arb mamlakatlarining ko‘magi bilan oyoqqa turib olgani rad qilib bo‘lmaydigan tarixiy faktlardir. O‘tgan asr boshlarida Rossiya xalqini ocharchilikdan saqlab qolgan G‘arb davlatlari keyinchalik uni industriyalashtirishga ham yaqindan yordam berishdi. Ularning ko‘magisiz Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozonish sira mumkin bo‘lmaganligi ayon haqiqat. Xitoy ham G‘arb va yapon texnologiyalarisiz bunchalik darajada rivojlanishi mutlaqo imkonsiz bir ish edi. Qolaversa, Pyotr I Yevropaga "darcha" ochmaganida, Rossiya dunyo xaritasida qoloq bir o‘lka sifatida qolib ketaverishi ham mumkin edi. Ammo notashakkur bu imperiyalar keyingi davrda G‘arb dunyosini o‘zi o‘rgatganidek qilib ko‘zini o‘ymoqda.
Yaqinda televizor orqali Birlashgan Millatlar Tashkiloti majlisidan reportaj olib berildi. Unda Xitoy vakili tanqid qilingani uchun AQSh ma’murlariga dag‘dag‘a qila boshladi, Rossiya vakili esa Ukrainaga yordam to‘xtatilmasa, G‘arbning “onasini ko‘ziga ko‘rsatib qo‘yish”ini bildirdi. Mening nazarimda, G‘arb mamlakatlari olib borayotgan globalizm siyosati bilan o‘zi o‘tirgan shoxni o‘zi kesayotgan odamga o‘xshaydi. Biroq bu borada G‘arb mamlakatlari naqadar nodon bo‘lib tuyulmasin, strategik nuqtai nazardan ularning qilayotgan ishlari oxir-oqibat to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Aytaylik, o‘tgan asrning 30-yillarida AQSh SSSRning sanoatlashuviga yordam bermaganida, dunyo xalqlari fashizm ustidan g‘alaba qila olarmidi? Yoki bo‘lmasa, Xitoyga investitsiyalar kiritilib, zamonaviy davlatga aylanmasa, "yovuzlik saltanati"ga raqobatchi xo‘jayin o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmasdi. Endi ularning birgalashib, G‘arb tomarqasi tomonga tosh otayotganlariga kelsak, buyam raqobatning bir ko‘rinishi. Nega desangiz, hayot bor joyda istaysizmi, istamaysizmi, raqobat bo‘ladi. Raqobat hayvonot olamida, hatto o‘simliklarda ham bor. Katta daraxtlar kichiklariga soya solib ko‘kargani qo‘ymaydi.
Agar ikkita odam kimsasiz orolga borib qolsa, biri Robinzonga, ikkinchisi Jumavoyga aylanib qoladi. Shu ma’noda, bugungi raqobat jahon miqyosida davom etmoqda. Dunyoni avtoritar davlatlar boshqaradimi yoki demokratik mamlakatlarmi, degan katta savol jahon xalqlari boshi uzra Domokl qilichiday osilib turibdi.
Bundoq olib qaraganda, ulardan qay biri ustunlik qilishi unchalik muhim bo‘lmagan bir ishdek tuyuladi. Ammo chuqurroq o‘ylab qaralsa, jamiyatlar uchun buning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi ochiq ayon bo‘lib qoladi. Demokratik dunyoda esa inson huquqlari va burchlariga ustuvor darajada e’tibor beriladi. Avtoritar tuzumdagi davlatlarda ko‘proq davlat manfaatlari ustunlik qiladi. Shu bois bo‘lsa kerak inson huquqlarining toptalishi nodemokratik mamlakatlarda kundalik odatiy holat hisoblanadi. Aynan shu boisdan ham, avtoritar boshqaruvdagi davlatlarda huquqiy nigilizm keng tarqalgan hodisa hisoblanadi. Chunki odamlar amal qilinmaydigan qonunlarga rioya qilishni ham, ularni o‘rganishni ham istamaydi.
Yuqorida yozganimdek, sobiq sho‘ro armiyasidagi xizmat menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Avvalo, o‘sha yerda rus tilini o‘rgandim, chinakam xalqlar do‘stligi nima ekanligini ko‘rdim, bildim. Xorijiy radioovozlarni ilk bor tingladim. "Boboy" askarlarning VEF radiopriyomnigi bo‘lardi. Ofitserlar uy-uyiga ketib bo‘lgach, ular yashirincha "Amerika ovozi", "Bi-Bi-Si" kabi xorij radiolarini eshitardilar. "Boboy"lar armiya nizomiga ham unchalik rioya qilishmas, kundalik hayotda ko‘proq "dedovshina" degan yaramas tartib amal qilardi. Xizmat chog‘ida men e’tibor qilgan yana bir g‘alatilik shunda ediki, askarlar orasida qamoqda o‘tirib chiqqanlarning obro‘si yuqoriroq edi. O‘ris bolalar orasida deyarli barchasi hech bo‘lmaganda o‘n besh sutkaga yoki gaupvaxta (harbiy qamoqxona)da yotib chiqqanligi bilan faxrlanar va bu ular uchun katta jasorat hisoblanardi. Men keyinchalik mushohada qilib ko‘rganimda shuni bilib oldimki, bu an’ana sovet davlatining boshidanoq amalda bo‘lgan ekan.
Tarixdan bizga yaxshi ma’lum, sho‘ro davlatini boshqargan dastlabki siyosiy arboblarning deyarli barchasi Chor Rossiyasining turma va surgunlarida o‘tirib chiqqan odamlar bo‘lgan. Bugungi kunlarda ham biz buning yorqin isbotini ko‘rib turibmiz. Rossiya tomoni xalqaro huquq me’yorlarini mensimasdan, yon-atrofidagi kuchsiz qo‘shni davlatlarga qarshi qurolli xuruj uyushtirmoqda. Ularning hududlarini kuch bilan egallab, o‘z chegaralariga qo‘shib olmoqda. To‘g‘ri, bu borada ayrim G‘arb davlatlari ham qo‘shnilariga nisbatan ko‘z olaytirmoqda. Masalan, AQSh prezidenti Donald Trampda Meksika va Kanadani Amerikaga qo‘shib olish niyati borligi hammani ajablantirmoqda. Bunda u jiddiy gapirayaptimi yoki kimgadir istehzo qilayaptimi, bilib bo‘lmaydi.
Nima bo‘lganda ham, dunyo yangi evrilishlar bo‘sag‘asida turibdi. 1945-yildan keyin shakllangan xalqaro tartib qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan avlod yorug‘ dunyoni tark etib, ularning o‘rnini urush ko‘rmagan odamlar egallamoqda. Ming afsuslar bo‘lsinki, tinchlikparvarlik, tinchliksevarlik masalalari bugungi siyosat kun tartibidan tushib, mamlakatlar orasida nosamimiy munosabatlar paydo bo‘lmoqda. Bir paytlar birgalashib fashizmga qarshi kurashgan davlatlarda fashistik ruhdagi partiyalar qayta bosh ko‘tarmoqda. Putin iborasi bilan aytganda: “Gitler o‘lgan bo‘lsa-da, uning ishi davom etmoqda”. Garchand, bu gapni u ukrainlarga yopishtirmoqchi bo‘layotgan bo‘lsa-da, gap kimga tegishli ekanligini hamma tushunib turibdi. Afsuslarning yana biri shuki, dunyoda ro‘y berayotgan ushbu o‘zboshimchaliklarga hech kim chek qo‘yolmayapti. Hatto BMTdek nufuzli tashkilot ham zo‘ravon davlatlar sodir etayotgan o‘zboshimchalikka qarshi kurashda ojiz qolmoqda. Shunday bir vaziyatda dunyoning oqsoqol mamlakatlari yangi jahon tartibini joriy etishga har biri o‘zgacha yo‘l bilan intilmoqda.
Bugungi dunyoning real siyosiy qiyofasi shundayki, jahon mamlakatlari ikki diametral qarama-qarshi qutb atrofida aylanmoqda. Birinchi qutbda AQSh boshliq erkin dunyo mamlakatlari uyushgan bo‘lsa, ikkinchisining markazida Xitoy, Rossiya, Eron singari yirik davlatlar to‘planmoqda. Vladimir Putin orzu qilayotgan ko‘pqutbli dunyo balki shudir. Yuqorida yozganimizdek, bu ikki tomon orasidagi raqobat XXI asr davomida uzoq cho‘ziladigan kurashga aylanib ulgurdi. Har ikki tomon bir-birini qanchalik inkor qilmasin, ular bugungi globalizm jarayonlari oqimiga qarshi suza olmaydi. Mamlakatlar va xalqlar bir-biri bilan hamkorlikda harakat qilishga majbur. Ularning birida paydo bo‘lgan inqiroz albatta, ikkinchisida kuchli aks sado beradi. Shu ma’noda, jahon xalqlarining oldida turgan bugungi dolzarb vazifa: turli inqirozlar va eng avvalo, katta-kichik urush-janjalarning oldini olishdir.
Urushlar tarixiga chuqurroq nazar tashlasangiz, ularning bir qarashda, oddiy sabablar oqibatida boshlanib ketganiga guvoh bo‘lasiz. 1914 yilda Sarayevo shahrida otilgan o‘q Birinchi jahon urushiga bahona bo‘lgandi. Ammo uning tagida katta bir siyosiy sabablar mavjud edi. XIX asr o‘rtalarida Buyuk Britaniya, XX asr boshlarida Yaponiya bilan bo‘lgan urushlarda mag‘lub bo‘lgan Rossiya ham o‘sha yili jangga qo‘shildi. Rus podshosi Nikolay II Germaniyaga qarshi urush e’lon qilgach, qanchalik g‘alati tuyulmasin, rus xalqi bu qarorni olqishlar bilan kutib oldi. Podshohni tezroq Bosfor bo‘g‘ozi bilan Tsaritsin (Istanbul)ni g‘ayridinlardan tozalab, egallab olishga da’vat qildi. Lekin bu urush nima bilan tugaganligi tarixdan ma’lum. Urush oqibatida hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklar Nikolay II ni oilasi bilan qo‘shib, itdek otib tashladilar.
Birinchi jahon urushi natijalaridan alamzada bo‘lgan Adolf Gitler Ikkinchi jahon urushini boshladi va alaloqibat, uning boshiga ham rus podshosining kuni tushdi. "Sovuq urush"dagi mag‘lubiyatdan norozi bo‘lgan zamonaviy bir podshoh 2022-yil 24 fevral kuni yana bir yirik urushni boshlab yubordi. Xo‘sh, bu yangi muhoraba yoki ular tili bilan aytganda, maxsus harbiy amaliyot qachon va qanday yakun topadi? Bugun ushbu savol dunyo afkor ommasini qattiq o‘ylantirmoqda. Chunki urush talafotlari kundan kunga ko‘payib, astronomik miqdorga yetmoqda. Ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, uch yil ichida berilgan qurbonlar soni million kishidan oshib ketgan. Shu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, o‘n yillik afg‘on urushida 15 ming sho‘ro askari qurbon bo‘lgandi. Ukraina bilan kechayotgan bugungi janglarda esa har kuni ming kishidan ortiq odam halok bo‘lyapti. Ming-minglab yosh, navqiron yigitlar mayib-majruh bo‘lib qolmoqda.
Bundan buyongi voqealar oqimi Amerikaning yangi saylangan prezidenti va uning atrofidagi siyosiy arboblariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Donald Tramp yaxshi tadbirkor. Biroq uning dunyo miqyosida kechayotgan siyosiy jarayonlar bilan qiziqishga uncha xushi yo‘q. Agar u katta siyosiy o‘yin olib borayotgan, jahonning pixini yorgan siyosatchilari bilan raqobatlasha olmasa, demokratik dunyoning kelajagi xavf-xatar ostida qolishi tayin. Yana shunisi ham borki, AQShda davlat siyosatini prezidentning yakka o‘zi hal qilmaydi. Bunda kongress va senatning ham aytar so‘zi bo‘ladi. Tramp saylov oldidagi chiqishlaridan birida ushbu urushga 24 soat ichida chek qo‘yishga va’da bergandi. Ammo u keyinroq bu mushkul muammoni hal qilish unchalik oson ish emasligini tan olishga majbur bo‘ldi. Hozirgi vaziyat shundayki, har ikki tomon ham urushdan charchagan. Shu bilan birga, murosaga kelishga ham xohishi yo‘q. Nima bo‘lganda ham, bu urush cheksiz davom etishi mumkin emas. Zero, oy ostida hech bir narsa abadiy emas. 2025 yilda bu qirg‘inbarot janglarga nuqta qo‘yilishi lozim. Dunyo xalqlarining yagona orzusi: oy ostidagi kichik uy - moviy sayyoramizda hamisha tinchlik barqaror bo‘lsin!
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.