Siz yurakni davolaysiz, kitoblar qalbni
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Mamatqul Hazratqulov, Farmon Toshev hamda arxeolog olim Amriddin Berdimurodov ishtirokida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda yurtimizdagi adabiy jarayon, adabiyot va so‘z san’ati ahliga bo‘lgan e’tibor, aholining kitobxonlik madaniyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
– Aslida, siz bilan bizning maqsadimiz bir xil, vazifamiz mushtarak – dedi taniqli adib M.Hazratqulov. – Siz o‘z bilim va tajribangiz bilan insonlar yuragini davolaysiz, xastaliklarga davo topasiz. Biz esa so‘zimiz, yozayotgan asarlarimiz bilan insonlar qalbiga ezgulik singdirishga harakat qilamiz, ko‘ngilga malham berishga intilamiz. Yurakni asrash uchun inson sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, to‘g‘ri hayot kechirishi kerak bo‘lsa, unda yaxshi niyatlar nish urishi uchun adabiyotga yaqin bo‘lishi, mutolaa qilib turishi zarur.
Tadbirda ijodkorlar o‘z hayoti, ko‘rgan-kechirganlari misolida badiiy adabiyot, so‘z san’atining inson kamolotidagi o‘rni haqida ibratli voqealarni hikoya qilib berdi.
Muassasa kutubxonasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Oltin meros” xalqaro fondi tomonidan ajratilgan kitoblar sovg‘a qilindi.