Slovakiyada minglab odamlar cheklovga qarshi namoyishga chiqdi

Slovakiya poytaxti Bratislavada minglab odamlar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash yo‘lida o‘rnatilgan cheklovlarga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Namoyishning o‘zi 6 kishidan ortiq odam yig‘ilishi taqiqining buzilishiga olib keldi. Namoyish ishtirokchilari bunday cheklovlarni fuqarolik huquqlarining qo‘pol buzilishi sifatida qabul qilmoqda. Ular niqob taqish, test tahlillari topshirish va uyda alohidalanishni asossiz talablar, deb hisoblamoqda. Namoyishchilar Igor Matovich hukumati siyosatini “koronavirus terrori” deb atashdi. Bu haqda 18 noyabr kuni Euronews agentligi xabar berdi.

Slovakiya ham boshqa mamlakatlar singari COVID-19 epidemiyasining yangi xurujini boshdan kechirmoqda. Keyingi kunlarda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi infeksiya tarqalishi tezligining biroz pasayganini qayd etmoqda. So‘nggi kecha-kunduzda mamlakatda 1300 nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etildi, 22 nafar bemor vafot etdi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Slovakiyada pandemiya boshlanganidan buyon 90 mingga yaqin kasallanish holati qayd etilgan.

Respublikada 1 oktyabr sanasidan boshlab favqulodda holat rejimi joriy etilgan va u dekabr oyi oxiriga qadar davom etishi nazarda tutilgan.