Sobiq o‘quvchilar o‘zlari tahsil olgan maktab sinfxonalarini ta’mirladi, zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozladi

Ezgu va xayrli ishning erta-kechi yo‘q, deyishadi. Samarqand shahridagi “Bog‘i baland” mahallasida joylashgan 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sobiq o‘quvchilaridan bir guruhi o‘zlari tahsil olgan ma’rifat o‘chog‘i sinfxonalarini ta’mirlash va zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlash tashabbusi bilan chiqdi.

Bu savobli ishni dastlab mazkur ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, tadbirkor Aziz Musinov boshlab berdi. U maktabning birinchi sinfida tahsil olayotgan o‘quvchilar xonalaridan birini o‘z mablag‘i hisobidan ta’mirlab, so‘nggi rusumdagi zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlanishiga bosh-qosh bo‘ldi va ushbu sinfxona uning ustozi, ko‘p yillar yoshlarga saboq bergan marhum Ubaydulloh Rahmonov nomi bilan ataldi.

Mazkur sinfxonaning taqdimot marosimida viloyat hokimining o‘rinbosar Xurshid Ochilov ishtirok etdi va mamlakatimizda, shu jumladan viloyatda davlatimiz tomonidan yosh avlod kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar, shuningdek xalq ta’limi jonkuyarlaridan biri Ubaydulloh Rahmonovning yangi pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish borasidagi xizmatlari haqida to‘xtaldi.

- Ubaydulloh Rahmonov 40 yil ushbu dargohda ishlab, rus tili, ona tili va adabiyot fanlaridan o‘quvchilarga saboq bergan, - deydi “Bog‘i baland” mahallasi raisi Olim Abdusalimov. - Hozirgi paytda u kishining shogirdlari yurtimizdagi turli jabhalarda faoliyat olib bormoqda.  

  

Taqdimot marosimidan so‘ng ishtirokchilar yangi ta’mirlangan zamonaviy sinfxonada o‘qituvchi va o‘quvchilarga yaratib berilgan shart-sharoit hamda qulayliklar bilan tanishdi.

-  Sinfxonamiz homiylar tomonidan ta’mirlandi, - deydi o‘qituvchi Dilshoda Hamroqulova. – Jihozlar o‘zimizning deputat tomonidan keltirildi. Sinfning nomini ustozimiz nomlariga atab qo‘ydik.

Bundan tashqari, mazkur maktabda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi tomonidan ushbu ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, viloyat “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri Bahodir Ubaydulloh (Rahmonov)ning “Otamning saboqlari” deb nomlangan kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.